2 aprel kuni Vazirlar Mahkamasining «Maishiy texnika mahsulotlarini majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy etish to‘g‘risida»gi qarori tasdiqlandi, deb xabar berdi Norma.uz.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilda «Asl belgisi» mahsulotlarni markirovkalash va kuzatib borish milliy axborot tizimi ishga tushirildi. Tizim operatori Rossiyada tovarlarni markirovkalash tizimining yagona operatori bo‘lgan Rossiya ilg‘or texnologiyalarni rivojlantirish markazi (SRPT) tomonidan yaratilgan CRPT Turon bo‘ldi, uning aksiyadori Alisher Usmonovning USM Holding kompaniyasi hisoblanadi.

Majburiy markirovkalanishi kerak bo‘lgan tovarlar ro‘yxatiga tamaki mahsulotlari, alkogol, pivo, suv va ichimliklar, dori vositalari va tibbiyot buyumlari, shuningdek, maishiy texnika kiradi.

Hujjat bilan majburiy raqamli markirovkalashni boshlash muddatlari va mahsulotlar turlari guruhlar bo‘yicha quyidagicha belgilandi:

  • birinchi guruh — changyutgich, kir yuvish mashinasi, sovutgich va muzlatgich, televizor va monitor — 2022 yil 15 apreldan boshlab;
  • ikkinchi guruh — maishiy gaz plitasi, oshxona dudburoni, duxovka va pechka, mikroto‘lqinli pech, dazmol, suv isitkich — 2022 yil 1 avgustdan boshlab;
  • uchinchi guruh — suv isitish qozonlari, konditsioner, o‘rnatilgan elektr motorli maishiy texnika (sok chiqazgich, blender, mikser, kofe yanchgich, go‘sht maydalagich), barcha turdagi lampalar — 2022 yil 1 noyabrdan boshlab.

Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • majburiy raqamli markirovkalanadigan maishiy texnika mahsulotlarining identifikatsiya kodlari ro‘yxati;
  • ishlab chiqaruvchi tashkilotlar tomonidan maishiy texnika mahsulotlarini majburiy raqamli markirovkalash tizimini bosqichma-bosqich joriy qilish grafigi;
  • import qiluvchi tashkilotlar tomonidan maishiy texnika mahsulotlarini majburiy raqamli markirovkalash tizimini bosqichma-bosqich joriy qilish grafigi;
  • ulgurji va chakana savdo tashkilotlarining maishiy texnika mahsulotlarini majburiy raqamli markirovkalash tizimiga bosqichma-bosqich o‘tishi grafigi;
  • Maishiy texnika mahsulotlarini identifikatsiya vositalari orqali raqamli markirovkalash xususiyatlari to‘g‘risidagi nizom.

Maishiy texnika mahsulotlarini majburiy raqamli markirovkalash uchun markirovka kodlari mazkur mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilarga va import qiluvchilarga tegishli buyurtma asosida operator tomonidan taqdim etiladi.

Markirovkalash — bu mahsulotda maxsus shifrlangan belgi qo‘yish bo‘lib, u ishlab chiqaruvchi, mahsulot seriya raqami kabi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.