Giyohvand moddalar savdosiga mo‘ljallangan rus tilida yuritiluvchi «Gidra» darknet platformasining nemis server infratuzilmasi tugatilib, platforma bilan bog‘liq hisoblardan umumiy summasi 23 mln yevroga teng bo‘lgan 543 bitkoinni musodara qilindi. Bu haqda Germaniya jinoyat politsiyasi xabar qildi.

«Endi platformaga kirishda «platforma va jinoiy tarkib musodara qilindi» degan oyna paydo bo‘ladi, deyiladi politsiya veb-saytida.

Darknetdagi ushbu saytga kirish imokniyati kamida 2015 yildan beri mavjud bo‘lib, noqonuniy savdo maydonchasida xaridorlarning 17 millionga yaqin va giyohvand moddalar sotuvchilarining 19 mingdan ortiq akkauntlari qayd etilgan. Shuningdek, platforma hujjatlarni qalbakilashtirish xizmatlari va turli xil noqonuniy raqamli xizmatlarni ham taklif qilgan.

Huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, bu dunyodagi eng ko‘p tovar aylanmasiga ega bo‘lgan noqonuniy savdo maydonchasi bo‘lgan bo‘lishi mumkin. 2020 yilda «Gidra» orqali sotuvlar kamida 1,23 milliard yevroni tashkil qilgan bo‘lishi mumkin. Platforma raqamli bitimlarni yashirib borgan, bu esa o‘z navbatida kriptovalyuta tranzaksiyalarini tekshirishni ancha murakkablashtirgan.

Musodara qilish operatsiyasidan oldin tergov Germaniya jinoyat politsiyasi tomonidan kiberjinoyatchilikka qarshi kurash Markaziy boshqarmasi, Frankfurt prokuraturasi va AQSh tizimlari bilan birgalikda 2021 yil avgustidan buyon o‘tkazilayotgan edi.

Darknet — bu internet olamidagi qora bozor hisoblanadi. Muntazam qidiruv tizimlari va muntazam veb-brauzerlar Darknet sahifalarini ko‘ra olmaydi.