Ogohlantirish: materialda og‘ir tarkib mavjud, fotosuratlarda o‘lik odamlar tasvirlangan.

3 aprel kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Kiyev chekkasidagi Bucha ko‘chalarida ba’zilarining qo‘llari orqasiga bog‘langan holda yotgan tinch aholi jasadlari suratlarini e’lon qildi.

Davlat rahbari rossiyalik askarlarning onalarini ushbu kadrlarni tomosha qilishga taklif qildi. «Qarang, qanday razillarni tarbiyalagansiz. Qotillar, talonchilar, jallodlar», deb yozdi u.

Ukraina matbuotining xabar qilishicha, 2 aprel kuni chekinayotgan rus qo‘shinlari shaharni tark etganidan so‘ng, Ukraina harbiylari karvoni Buchaga yetib kelgan. Kiyev yo‘nalishida harbiy faollikni tubdan qisqarish haqida avvalroq Ukraina bilan muzokaralarda Rossiya delegatsiyasi a’zosi, RF mudofaa vaziri o‘rinbosari Aleksandr Fomin ma’lum qilgan edi.

foto: Xalqaro axborot agentligi / Zelenskiy Official / Telegram

Ukraina bosh prokurori Irina Venediktova 3 aprel kuni Kiyev viloyatining ozod qilingan 3 ta tumanidan halok bo‘lgan tinch aholining 410 jasadi olib chiqilganini ma’lum qildi.

Bucha shahar kengashi deputati Katerina Ukrainsevaning so‘zlariga ko‘ra, Buchada bombalash va portlashlar 24−25 fevral kunlari boshlangan, 4 mart kuni markaziy ko‘chadan harbiy texnika kolonnasi o‘tgan, ishg‘ol 5 mart kuni sodir bo‘lgan. «Bucha o‘zini tajovuzkor tutmadi. Bizda ukrain mitinglari bo‘lmagan, hech kim bayroq bilan chiqmagan», — dedi deputat.

Uning aytishicha, Yablonskaya ko‘chasida Rossiya blokposti o‘rnatilgan. «Evakuatsiya qilish — Ukrainaga borish uchun Rossiya blokpostidan o‘tishlari kerak edi. Qancha odam ketishga muvaffaq bo‘lgani noma’lum, avval jasadlar sanaladi. Kecha biz [ko‘ngillilar] gumanitar yordam yetkazdik, jamoadan biri bu jasadlarni ko‘rdi. Kimdir [o‘limidan oldin] velosipedda, kimdir juft bo‘lib sayr qilayotgan bo‘lgan. U yerda ular butunlay boshqacha yotishardi. Biz fotosuratlardan ularning o‘limi sababini aniqlay olmaymiz. Bu ekspertizadan keyingina aniq bo‘ladi», — dedi Katerina Ukrainseva.

foto: Xalqaro axborot agentligi / Zelenskiy Official / Telegram

CNN nashrining Buchadan tayyorlangan reportajida shaharliklar ommaviy qabrlar va hovlilarda ba’zilarining qo‘llari oq mato bilan tang‘ilgan 20 nafar tinch aholining jasadlarini ko‘rsatishgan. Ularning ensasiga o‘q uzilgan, dedi Bucha meri Anatoliy Fedoruk Reuters agentligiga.

Lavhalarga BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish munosabat bildirib, tergov o‘tkazishga chaqirdi: «Ukrainaning Bucha shahrida o‘ldirilgan tinch aholining suratlari meni qattiq larzaga soldi. Mustaqil tergov aybdorlarning javobgarlikka tortilishiga olib kelishi zarur».

Foto: Vadim Ghirda / AP / Scanpix / LETA
Yevropa Ittifoqi 4 aprel kuni «Rossiya harbiylari tomonidan bosib olingan va hozirda ozod qilingan bir qator shaharlarda sodir etilgan vahshiyliklarni keskin qoralaydi», — deya bayonot berdi. Bayonotda aytilishicha, Rossiya rasmiylari hududni amalda nazorat qilgan paytda sodir etilgan vahshiyliklar uchun javobgardir.

«Urush jinoyatlari va boshqa jiddiy qonunbuzarliklarni sodir etganlar, shuningdek, mas’ul davlat amaldorlari va harbiy rahbarlar javobgarlikka tortiladi, — deyiladi bayonotda. — Biz Xalqaro Jinoyat Sudi prokurori tomonidan urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar bo‘yicha boshlangan tergovni, shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasining Tergov komissiyasi faoliyatini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz».

foto: Xalqaro axborot agentligi / Zelenskiy Official / Telegram

Avvalroq Germaniya, Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya, AQSh rahbarlari va NADO bosh kotibi Yens Stoltenberg keskin qoralash bilan chiqishdi.

Rossiya Mudofaa vazirligi o‘zining Telegram kanalida suratlar va videolarni «navbatdagi provokatsiya» va «G‘arb OAVlari uchun sahnalashtirilgan» deb atadi hamda «bu aholi punkti Rossiya qurolli kuchlari nazorati ostida bo‘lgan vaqt davomida birorta ham mahalliy aholi qandaydir zo‘ravonlik harakatlaridan jabrlanmaganini» ma’lum qildi. «Barcha rus bo‘linmalari 30 mart kuni Buchani butunlay tark etishdi, jinoyatlar dalillari faqat UXX zobitlari shaharga kelganidan so‘ng 4-kunida paydo bo‘ldi», deyiladi vazirlik xabarida.

Rossiya «Ukraina radikallarining Buchadagi ochiq-oydin provokatsiyasi»ni muhokama qilish uchun BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini o‘tkazish to‘g‘risida so‘rov yubordi, biroq u rad etildi.

Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti Chernigov, Xarkov va Kiyev viloyatlarida 27 fevraldan 14 martgacha bo‘lib o‘tgan harbiy zo‘ravonlik va tinch aholiga qarshi jinoyatlar guvohlarining hujjatlashtirilgan ma’lumotlari haqida ma’lum qildi. Xususan, hisobotda ikkita suddan tashqari qatl qilingani haqida xabar berilgan: 27 fevral kuni Chernigov viloyatidagi qishloqda kamida olti kishi va 4 mart kuni Buchada bir kishi. Hisobotda tinch aholiga nisbatan zo‘ravonliklarga oid boshqa ma’lumotlar ham mavjud.

foto: Xalqaro axborot agentligi / Zelenskiy Official / Telegram

BMT Inson huquqlari bo‘yicha komissari boshqarmasining ma’lum qilishicha, 3 aprel holatiga ko‘ra, 24 fevral kuni Rossiyaning harbiy agressiyasi boshlanganidan beri Ukrainada kamida 1417 nafar tinch aholi halok bo‘lgan. Ulardan 293 nafari erkak, 201 nafari ayol, 22 nafari qiz va 40 nafari o‘g‘il bolalar, yana 59 nafari bolalar va 802 nafari shaxsi aniqlanmagan kattalar. BMTning ta’kidlashicha, haqiqiy raqamlar ancha yuqori. Shuningdek, 2038 nafar tinch aholi jarohatlangan, ulardan 1036 nafari Donetsk va Lugansk viloyatlaridan.