Boston Dynamics kompaniyasi Stretch robot-manipulyatorini sotishni boshladi, deya xabar berdi «Sekret firmы» nashri. Robotning prototipi bir yil oldin taqdim etilgan edi.

Stretch faqat bitta vazifa — qutilarni bir joydan boshqa joyga ko‘chirishni bajara oladi. Robot bu funksiyani 360º ga aylana oluvchi qo‘l bilan amalga oshiradi. Uning ish quvvati soatiga og‘irligi 23 kg gacha bo‘lgan 800 ta qutini tashishi mumkin.

Robot obyektlarni aniqlash uchun turli xil datchiklar, sun’iy intellekt va kompyuterni ko‘rish tizimi bilan jihozlangan. Stretch’ning texnik xususiyatlari uni qo‘shimcha o‘lchovlar (kalibrovka)siz har qanday obyektlarga joylashtirishga imkon beradi. Shuningdek, oldindan dasturlash ham talab qilinmaydi.


Hajmi 101×101 sm bo‘lgan g‘ildiraklar bazasi tufayli robot cheklangan joyda harakatlana oladi. Stretch’ning vazni 1,2 tonna, ishlash muddati 8 soatdan ortiq, akkumulyator bilan — 16 soat. Ushbu yangi robotning narxi hozircha ochiqlangani yo‘q.

Qayd etilishicha, 2022 yilda yetkazib berish rejalashtirilgan barcha robotlar allaqachon sotib bo‘lingan. Keyingi buyurtmalar 2023 va 2024 yillarda qabul qilinadi.

Boston Dynamics yangi modelining birinchi tijorat mijozi DHL logistika kompaniyasi bo‘ldi. E’lon qilingan press-relizga ko‘ra, shartnoma miqdori 15 mln dollarni tashkil etdi. Stretch yordamida kompaniya Shimoliy Amerikadagi ombor jarayonlarini avtomatlashtirish orqali yetkazib berish zanjirini raqamlashtirishni tezlashtirishni rejalashtirmoqda.

«Biz Boston Dynamics bilar xamkorlikda o‘z omborlarimizga o‘z turining eng yaxshi robotlarini joylashtirishdan xursandmiz. Stretch roboti moslashuvchan avtomatlashtirish orqali murakkab sanoat vazifalarini hal qiladi, biz uni mintaqaviy va dunyo darajadasida amalga oshira olamiz va kengaytira olamiz», — deydi DHL Supply Chain North America IT-direktori Salli Miller.

Shuningdek, Gap va H&M kompaniyalari ham o‘z omborlarini yangi manipulyatorlar bilan jihozlash rejalarini e’lon qildi.

Stretch roboti Boston Dynamics portfoliosidagi uchinchi robotga aylandi. Undan avval kompaniya, 2020 yil yozida sotuvga chiqarilgan avtomatik ma’lumotlarni yig‘ish, yuklarni tashish, xavfli hududlarni tekshirish va boshqa vazifalar uchun Spot robot iti, shuningdek, tadqiqot va ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan Atlas ikki oyoqli platformasini ishlab chiqqan edi.