Uzbekistan Airways oradan ikki yil o‘tib «Toshkent — Parij — Toshkent» yo‘nalishi bo‘yicha muntazam aviaqatnovlarni qayta tiklamoqda, deb xabar berdi kompaniya matbuot xizmati.

Aviareyslar 29 apreldan 10 iyunga qadar haftasiga ikki marta — seshanba va juma kunlari amalga oshiriladi.

«Toshkent — Parij» yo‘nalishi bo‘yicha bilet narxlari (yuksiz) 4 038 862 so‘mdan, (yuk bilan) 4 777 879 so‘mdan, shuningdek, «Toshkent — Parij — Toshkent» yo‘nalishi narxi esa (yuksiz) 7 582 047 so‘mdan va (yuk bilan) 8 772 182 so‘mdan boshlanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning mart oyida O‘zbekiston koronavirusga chalinishning ilk holati qayd etilgani bois barcha xorijiy davlatlar bilan avia va avtoyo‘l orqali qatnovlarni to‘xtatgandi. O‘tgan yilning aprelida esa Uzbekistan Airways yangi biznes-modulga o‘tish va xarajatlarni kamaytirish maqsadida 9 ta foydasiz bo‘lgan yo‘nalishlar — Parij, Rim, Milan, Mumbay, Bangkok, Tokio, Kuala-Lumpur va Jakartaga aviaqatnovlarni bekor qilgandi.