Ijtimoiy tarmoqlarda Davlat xizmatlari agentligi tizimida ishlayotgan 400 ga yaqin xodim ishsiz qoldi kabi ma’lumotlar tarqaldi. Adliya vazirligi mazkur holat yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi.

Vazirlik matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga taqdim etgan bayonotga ko‘ra, adliya tizimida olib borilayotgan ixchamlashuv jarayonlarida mehnat munosabatlariga oid turli savollar, ayrim noto‘g‘ri talqinlar uchramoqda.

Birinchidan. «Adliya vazirligi tizimini ixchamlashtirishdan ko‘zlangan maqsad mamlakatda start berilgan keng ko‘lamli ma’muriy islohotni amalga oshirish ekanligini unutmaslik kerak».

«Ya’ni davlat organi tizimidagi ish o‘rinlari qancha optimallashsa, shunchalik budjet iqtisod bo‘ladi, ortiqcha bo‘g‘inlar kamaysa, boshqaruv samaradorligi oshadi va qaror qabul qilish yengillashadi. Oldindan ko‘zlangan maqsad ham shu edi. Kimlardir buni teskari talqin qilishida esa umuman mantiq yo‘q», — deyiladi xabarda.

Ikkinchidan. «Adliya vazirligi tomonidan qo‘shib olinayotgan agentliklarda faoliyat yuritib kelayotgan xodimlarga ogohlantirish xatlari bergani rost».

«Biroq, ogohlantirish berilgan xodimlar faqat agentliklar xodimlari emas, balki hududiy adliya boshqarmalari xodimlari hamdir. Zero, prezident farmoniga muvofiq, agentliklar va adliya boshqarmalarida bir-birini takrorlovchi lavozimlarni egallab turgan xodimlarning (agentliklar rahbariyati, boshqarma boshliqlari va ularning o‘rinbosarlari, yuristlar, moliya-iqtisod, xo‘jalik bo‘limlari boshliqlari, tuman (shahar) adliya bo‘limlari boshliqlari va davlat xizmatlari markazlari direktorlari) ichidan eng yaxshi mutaxassislarni adolat mezoni asosida joy-joyiga qo‘yish shuni taqozo qiladi», — deyiladi xabarda.

Farmonning 13-bandi birinchi xatboshida vazirlikning yangi tashkil etilayotgan tarkibiy tuzilmalari shtatlari birinchi navbatda vazirlikka qo‘shilayotgan Davlat xizmatlari agentligi va Intellektual mulk agentligi tizimi xodimlari hisobidan to‘ldirilishi belgilab qo‘yildi.

Farmon ijrosi yuzasidan qabul qilingan Adliya vazirligi buyrug‘ining 7-bandida mehnatni tashkil qilishdagi o‘zgarishlar natijasida amaldagi xodimlar (Davlat xizmatlari agentligi, Intellektual mulk agentligi va hududiy adliya organlari xodimlari) joy-joyiga qo‘yilgandan so‘ng, ortib qolgan lavozimlar (birinchi navbatda) agentliklar hududiy tuzilmalarining boshqa xodimlari hisobidan to‘ldirilishi nazarda tutilmoqda.

«Shunday ekan, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlarda „yangi tuzilmalardagi shtatlar adliya xodimlari orasidan to‘ldiriladi“ — degan ma’lumot mutlaqo asossizdir!», — deyiladi bayonotda.

Uchinchidan. «Maqbullashtirish va shtat qisqarishi asosan rahbar lavozimlar hisobiga to‘g‘ri kelmoqda, tumandagi va xizmat ko‘rsatuvchi bironta shtat qisqarmadi».

Tumandagi rahbarlar esa yangidan tayinlanadi. Chunki, farmonning 13-bandi ikkinchi xatboshida ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlardan kelib chiqib, tuman (shahar) adliya bo‘limlari va DXMlar rahbarlarini lavozimidan ozod qilish hamda ushbu lavozimni ichki tanlov asosida yuksak malaka va yuqori professional tayyorgarlikka ega boshqaruv kadrlari bilan to‘ldirish belgilandi.

Ta’kidlanishicha, ushbu lavozimlar Adliya vazirligi va DXA tizimida ishlayotgan yuqori malakali va professional ish tajribasiga ega xodimlar orasidan ichki tanlovga asosan eng munosiblari bilan to‘ldiriladi.

«Shu sababli, respublikada mavjud 207 nafar tuman (shahar) adliya bo‘limi boshliqlari va 207 nafar Davlat xizmatlari markazlari direktorlari ichki tanlov natijasida Mehnat kodeksining 92-moddasi talablaridan kelib chiqib, yangi mehnat shartlari asosida ishni davom ettirishni rad etgan taqdirda, ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinishi haqida belgilangan tartibda ogohlantirildi», — deyiladi xabarda.

Agentliklar va uning hududiy boshqarmalarida ogohlantirish xatlari faqat maqbullashtirilgan, ya’ni, belgilangan tartibda qisqartirilib, tugatilishi shart bo‘lgan lavozimlarda ishlab kelayotgan xodimlarga berildi.

«Masalan, agentlik rahbari o‘rinbosarlari, hududiy boshqarmalar boshliqlari lavozimi tugatildi, ular avtomatik ravishda o‘z ishlarini davom ettirishining ham imkoniyati yo‘q, chunki eski lavozimlar bekor bo‘lgan, yangi lavozimlar esa — boshqa yuridik shaxs tuzilmasida va umuman boshqa tashkiliy asoslarga ega. Shuning uchun ham yangidan mehnat shartnomalari tuzilishi shart», — deyiladi xabarda.

Qolgan xodimlar o‘zining roziligi asosida Mehnat kodeksining 98-moddasiga muvofiq mehnat faoliyatini vazirlik tizimida davom ettiradi. Masalan, FHDYO organlari yoki DXMlar markazlari xodimlari, chunki ularning bo‘ysunuv tashkiloti o‘zgardi, eskisi esa tugatiladi.

«Tizimda hozirgi kunda ham xodimlar avvalgidek ish haqi olib, o‘zining ish joyida mehnat faoliyatini davom ettirmoqda», — deyiladi Adliya vazirligi xabarida.

Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda «DXA tizimida ishlayotgan 400 ga yaqin xodim ishsiz qoldi» degan ma’lumot — bu jarayonning mazmun-mohiyati va yakuniy natijasini bilmasdan, aniqrog‘i tushunmasdan tarqatilayotgan asossiz va noo‘rin xabardir.

«Davlat xizmatlari agentligi xodimlari ham, Intellektual mulk agentligi xodimlari ham Adliya vazirligi tizimining bir bo‘lagi, kadrlari esa — qimmatli boyligidir. Shu bilan birga, zamonaviy davlat organi ixcham bo‘lishi kerak, kadrlar esa elakdan o‘tishi aniq, aks holda bu islohot emas, eskicha yondashuv bo‘lib qolaveradi», — deyiladi bayonotda.

Adliya vazirligi qo‘shimcha qilishicha, shtat qisqartirilishi jarayonida barcha qonunlarning ustuvorligi va adolat mezonlariga tayaniladi.