Maktabgacha ta’lim vazirligi 1 apreldan kuchga kirishi kerak bo‘lgan 2 yoshdan 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarni bog‘chalarga qabul qilish tartibini ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarni qabul qilish pullik xizmat ko‘rsatish shaklida amalga oshiriladi. Ushbu tartib 3−7 yoshli bolalar navbatda turgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qo‘llanilmaydi.

Guruhga bolalar ularning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning va bola sog‘lig‘i holati to‘g‘risidagi tibbiy xulosa asosida qabul qilinadi. Har bir guruhda bolalarning soni 20 nafardan ortiq bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

2 yoshli bolalar uchun qilinadigan to‘lov miqdorini tegishli maktabgacha ta’lim tuman (shahar) bo‘linmasi va bog‘cha direktori kelishgan holda tasdiqlaydi. Bog‘cha rahbari bolalarning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi qonuniy vakili bilan bola qabul qilingan kuni o‘rnatilgan tartibda shartnoma tuzadi.

To‘lovlar 100% miqdorda oldindan qilinib, tijorat banklari orqali naqd pulda, plastik kartochkada, elektron to‘lov shaklda yoki pul o‘tkazish yo‘li bilan naqd pulsiz shaklda to‘lanadi. Bunda, to‘lovning amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi maktabgacha ta’lim tashkilotiga taqdim etiladi (elektron to‘lov bundan mustasno).

Ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun hisob-kitoblar bolaning davomat tabeli asosida haqiqiy qatnagan kunlariga qarab belgilanadi. Bolalar budjet yoki budjetdan tashqari mablag‘lari hisobiga sotib olingan vositalardan foydalanishi mumkin.

Ilk rivojlanish guruhlarda tarbiyalanayotgan bola 3 yoshga to‘lgan kundan boshlab ota-ona bilan tuzilgan shartnoma bekor qilinadi va o‘rnatilgan tartibda tashkilot direktori tomonidan rasmiylashtiriladi. Undan so‘ng 3−7 yoshli bolalarga mo‘ljallangan guruh tashkil qilish uchun yetarlicha bolalar soni shakllangach, o‘sha oyning yakunida Ilk rivojlanish guruhlar faoliyati to‘xtatiladi va bu haqda bolaning ota-onasi yoki uning o‘rnini bosuvchi qonuniy vakili xabardor qilinadi.

Bundan tashqari, ayrim 2 yoshli bolalar guruhi dam olish kunlarida va ish kuni tugagandan keyin ham quyidagicha xizmat ko‘rsatishi mumkin:

  • dam olish kunlari va MTTda ish kuni yakunlangandan keyin bolani parvarishlash, unga qarab turish;
  • uning o‘quv dasturidan tashqari sport-sog‘lomlashtirish va boshqalar.

2 yoshli bolalar uchun guruh ya’ni ilk rivojlanish guruhlari maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi foydanilmayotgan va jihozlangan xonalarida tashkil etiladi.

Ilk rivojlanish guruhlardan chiqarib yuborish ham qonuniy vakilining arizasi va tibbiy ko‘rsatmalar asosida tashkiloti direktorining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.

Unda o‘rgatiladigan ta’lim-tarbiya respublikada Ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qo‘yiladigan davlat talablari hamda bog‘chaning «Ilk qadam» davlat o‘quv dasturiga muvofiq ishlab chiqiladi. Bunda o‘quv yuklamasi bir haftalik ta’lim yuklamasining eng ko‘p ruxsat etilgan hajmidan va mashg‘ulotlarning eng ko‘p ruxsat etilgan sonidan oshmasligi kerakligi aytilmoqda.

Keltirilishicha, bog‘chalarga budjetdan tashqari qo‘shimcha mablag‘larning jalb etilishi budjetdan moliyalashtirishning kamayishiga sabab bo‘lmaydi. Йўриқнома talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladi.