1 aprel kuni Moliya vazirligi «Tashabbusli budjet» loyihasining ilk mavsumi g‘oliblari e’lon qilinganini ma’lum qildi.

«Tashabbusli budjet» jarayonlari 2022 yilda ikki marta amalga oshiriladi.

Uning birinchi mavsumi quyidagicha o‘tdi:

  • 1 fevral — 22 fevralda batafsil ko‘rinishda tashabbus qoldirildi;
  • 23 fevral — 4 mart oralig‘ida tashabbuslar moderatsiya qilindi;
  • 5 mart — 1 aprel davrida saralangan tashabbuslar bo‘yicha fuqarolarning ovoz berish jarayonlari bo‘lib o‘tdi.

Natijalarga ko‘ra, ushbu mavsum davomida fuqarolardan jami 70 mingga yaqin tashabbus jo‘natildi. Ushbu loyihalarga ovoz berish jarayonlarida esa 6,7 mln kishidan ko‘proq aholi ishtirok etdi. Yuborilgan tashabbuslar orasidan 2215 tasi g‘olib deb topildi. Ushbu g‘olib deb topilgan tashabbuslarga jami 1,1 trln so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi. Toshkent viloyatida (220 ta) tashabbuslari eng ko‘p g‘olib bo‘lgan hudud bo‘ldi. Undan keyingi o‘rinlarda Farg‘ona, Namangan va Surxondaryo viloyatlari ekani ma’lum bo‘ldi.

«Bu shuncha muammoning yechimi degani emas. Bu mamlakatdagi haqiqiy holatni ko‘rsatib beradigan barometr ham. Parlament va mahalliy vakillik organlarining budjetni taqsimlashdagi roli faqatgina tasdiqlashdan iborat bo‘lib turgan bir paytda — xalq pulining qaysidir qismini xalqning bevosita ishtirokida adolatli taqsimlanishi, deyish mumkin… Ochiq budjet ideal mexanizm emas, lekin u takomillashib boraveradi. Ammo baribir bizga kuchli, mustaqil parlament, mahalliy депutaтлар kerak. Ular amalda budjetni taqsimlay olishi lozim. Yo‘qsa, qaytadan velosiped kashf qilishda davom etaveramiz», — deb yozdi davletovuz Telegram-kanali.

Manba: davletovuz

Birinchi mavsum natijalariga ko‘ra, g‘olib bo‘lgan tashabbuslarning 760 tasi yoki 34 foizi umumta’lim maktablarini ta’mirlash, 549 tasi yoki 25 foizi ichki yo‘llarni ta’mirlash hamda 89 tasi ichimlik suvi va oqova tizimini yaxshilash bo‘yicha tashubbuslar ekani ma’lum bo‘ldi.

«Bu — yuzimizga tutilgan ko‘zgu. Haqiqatan ham yo‘llarimiz, maktablarimiz juda katta investitsiyaga muhtoj, davlat budjetini taqsimlayotganda hukumat ham ushbu muammolarni tizimli hal qiladigan mexanizmlar ustida bosh qotirishi kerak», — dedi davletovuz.

Ovoz berish jarayonlarida aholi tomonidan qonunga xilof bo‘lmagan turli yo‘llar bilan ovoz to‘plandi. Reklama bannerlari tarqatilgan, bozorlar va boshqa odam gavjum joylarda tashabbus havolasi QR-kodga tushirilib, ularning bannerlari qo‘yilgan, hattoki ovozlar uchun pul mukofotlari ham taklif qilingan holatlar mavjud.

Manba: davletovuz

Ushbu loyihada g‘olib bo‘lgan bir qator hududlar g‘alabani keng nishonladi. Jumladan, Uchko‘prik tumanidagi «Katta Qashqar» MFY aholisi karnay-surnay sadolari bilan g‘alabani kutib oldi. Shuningdek, Andijon viloyati Oltinko‘l tumani «Bo‘ston» mahallasi aholisi Yog‘du ko‘chasini asfalt qilish tashabbusi g‘olib deb topilganini mahalla aholisi salyutlar uchirgan holda nishonladi.

«Tag‘in biz xalqimiz saylovlarga va yana ko‘p narsalarga hali tayyormas, deb o‘ylaymiz. Barchasi xato. Agar aql bilan to‘g‘ri yo‘ldan ketilsa, xalqimiz hamma narsaga tayyor», — deb yozdi bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Moliya vazirligi vakilining «O'zbekiston24» telekanaliga bergan intervyusida aytishicha, 2022 yil uchun davlat budjetidan «Fuqarolar tashabbusi» jamg‘armalari uchun 1,5 trln so‘mdan ortiq mablag‘ rejalashtirilgan. Bundan tashqari, shahar va tuman budjetlari qo‘shimcha mablag‘larining 30 foizi ham aynan ushbu yo‘nalishga sarflanishi belgilangan.

Moliya vazirligi «Tashabbusli budjet»ning 2-mavsum jarayonlariga iyul oyida start berilishini qayd etdi.

Eslatib o‘tamiz, «Gazeta.uz» ushbu platforma va undan foydalanish tartiblari haqida qo‘llanmani taqdim etgandi.

Tashabbusli budjetlashtirish yoki partisipator budjetlashtirish — bu aholining budjet mablag‘larining aniq qismlarini sarflash maqsadida tashabbuslarni ilgari surishi orqali mahalliy boshqaruvda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etishi.