Joriy yilning yanvar-fevral oylarida O‘zbekistonga 18 ta davlatdan 5948 ta avtomobil (shundan fevralda 2911 ta) olib kelindi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar berdi.

2021 yilning dastlabki ikki oyi bilan solishtirganda, import 4873 ta avtomobilga yoki 5,5 barobarga oshgan. Ularning umumiy qiymati 124,5 mln dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan yetti baravardan ko‘proq oshganini ko‘rsatdi.

Avvalgidek Xitoy 3436 ta mashina bilan birinchi o‘rinni egalladi. Keyingi o‘rinda Janubiy Koreya — O‘zbekistonga 1512 dona avtomobil eksport qilgan. Qozog‘iston 502 ta mashina bilan Rossiyani (431 ta mashina) ortda qoldirib, uchinchi pog‘onaga chiqdi.

Keyingi o‘rinlarni esa AQSh (19 ta avtomobil), Yaponiya (15 ta), Germaniya (9 ta), Gonkong (5) va Turkiya (4) egallagan.

Davlat statistika qo‘mitasi, shuningdek, elektromobillar importining ham 3 barobarna oshganini ma’lum qildi. Ikki oy ichida O‘zbekistonga 228 dona elektromobil olib kelingan.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi fevral oyida xorijiy avtomobillar bilan tranzaksiyalar sonining ko‘payganini qayd etdi. Oy davomida bu ko‘rsatkich 26 foizga, 2021 yilning fevraliga nisbatan esa 2,7 barobarga oshgan.

Buning sabablaridan biri avtomobil sotib olish bilan bog‘liq xarajatlarning kamayishi bo‘ldi. Yanvar oyida transport vositalarini sotib olish va vaqtincha olib kirish uchun yig‘im bekor qilindi. Fevralda prezident topshirig‘iga ko‘ra yangi olib kirilayotgan avtomobillar uchun bojxona to‘lovlari 50 foizga kamaytirildi.

«Kelajakda boj stavkalari nolga tushishi kerak. Bu qadam raqobatbardosh avtomobil bozorini rivojlantirish, o‘zbek xalqini arzon va sifatli avtomobillar bilan ta’minlash imkonini beradi», — degan edi prezident.

Bundan tashqari, mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan taklifning qisqarishi xorijiy avtomobillarni tanlashga undamoqda. UzAuto Motors kompaniyasi eng ommabop modellar bo‘yicha shartnoma tuzishni 2 oydan ortiq muddatga to‘xtatgan edi. Shartnoma tuzish mart oyi boshida qayta tiklandi.