«Tolibon» Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirishni taqiqladi. Bu haqda harakat vakili Bilol Karimiy Afg‘oniston Islom Amirligi oliy rahbari Haybatulloh Oxundzodaning buyrug‘iga asoslanib xabar berdi.

«Barcha afg‘onlar ko‘knori yetishtirish qat’iy taqiqlangani haqida xabardor qilindi», — deyiladi buyruqda. Agar hosil topilsa, u yo‘q qilinadi, qoidabuzarlar shariat qonunlari bo‘yicha jazolanadi.

Hujjat bilan, shuningdek, barcha turdagi narkotik moddalar yoki tarkibida narkotik modda bo‘lgan tabletkalar, shuningdek alkogol mahsulotlari iste’moli, transportirovkasi, savdo-sotig‘i, eksport va importi taqiqlangan. Mamlakat hududidagi amaldagi barcha narkotik ishlab chiqarish bo‘yicha laboratoriyalar taqiq ostiga tushgan.

Afg‘oniston ko‘knori yetishtirish bo‘yicha dunyodagi yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi. «Tolibon» mamlakat hokimiyatini 2021 yil avgust oyida egalladi. Hokimiyatga kelgach, «Tolibon» mamlakatni «narkotiklardan xoli» qilishga va’da berdi.

Jahon banki bergan ma’lumotga ko‘ra, noqonuniy afyun savdosi Afg‘oniston iqtisodiyotida asosiy o‘rinni egallashda davom etmoqda. Ko‘knori iqtisodiyotida 119 ming nafargacha afg‘on mehnat qiladi va 2019 yilda ichki iste’mol, ishlab chiqarish va opiat eksportidan olingan daromad 1,2 mlrd dollardan 2,1 mlrd dollargacha (yalpi ichki mahsulotning 7 foizidan 11 foizigacha) baholandi.

BMTning narkotiklar bo‘yicha Boshqarmasining Jahon hisobotiga ko‘ra, 2020 yilda ko‘knori yetishtiriladigan maydonlar oldingi yilga nisbatan 24 foizga oshib, 295 ming gektarga yetgan. Bu o‘sish, asosan, Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirishning 37 foizga, ya’ni 163 ming gektardan 224 ming gektarga ko‘payishi natijasida kelib chiqqan.