Xorazm viloyatining Yangibozor tumanida noqonuniy kripto-aktivlar mayningi faoliyati bilan shug‘ullanayotgan shaxslar aniqlandi. Bu Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Yangibozor tuman bo‘limi DXX va IIB bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirda ma’lum bo‘ldi.

Yangibozorlik fuqaro U.Q. o‘zining xonadonida 8 ta kompyuterni o‘rnatib 372 kun davomida noqonuniy kripto-aktivlar mayningi faoliyatini yuritib kelgan. Buning uchun o‘zboshimchalik bilan hisoblagichdan tashqari elektr tarmog‘iga ulanib olgan. Natijada Elektr tarmoqlari korxonasi (ETK) manfaatlariga 112,7 mln so‘m zarar yetkazgan.

Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti

Tumanning boshqa hududida yashovchi yana bir fuqaro K.Q. o‘zining xonadonida o‘zboshimchalik bilan elektr tarmog‘iga ulanib, 25 ta kompyuterni o‘rnatgan. Undan 198 kun davomida noqonuniy kripto-aktivlar mayningi bo‘yicha ishlatib, ETK manfaatlariga 122,4 mln so‘m zarar keltirgan.

Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 185−2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Ular BHMning 25−75 baravarigacha miqdorda jarima to‘lashi yoki 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 1 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi mumkin.

Tergov davom etmoqda.

Avval ham Sirdaryoning ikki hududida noqonuniy mayning ferma faoliyati fosh bo‘lgan edi. Viloyatning Boyovut tumanida xorijiy korxona va mahalliy MJCH birgalikda quyon yetishtirish niqobi ostida noqonuniy mayning ferma ochib, $7,7 mlnlik kriptovalyuta ishlab chiqargani aniqlandi.

Xovos tumanida esa Koreya va O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan 3 nafar gumondor 9,2 mlrd so‘mlik 3529 dona kompyuter qurilmasidan va 265,2 mln so‘mlik elektr energiyadan qonunga zid ravishda foydalanib kelgani aytilgandi.