Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov hududdagi qarovsiz qolgan madra va madaniy meros obyektlari sabab mutasaddilarga ogohlantirish berdi, deya xabar berdi viloyat matbuot xizmati.

Hokim mutasaddilar hamrohligida sayyohlarning doimiy diqqat markazida bo‘lib kelgan Nodir Devonbegi madrasasining holatini o‘rgandi.

U yerda madrasadagi ba’zi hujralar omborxona vazifasini o‘tayotgani, ular ta’mirtalab, o‘ta abgor ahvolda ekani ma’lum bo‘ldi. Qolaversa, viloyatdagi moddiy madaniy va arxeologiya merosi obyektlarining aksariyati ta’mirtalab ahvolga kelib qolganligi ko‘p bor tanqid qilingan.

Foto: Buxoro viloyat hokimligi.

Chunki hatto ba’zi yodgorliklarning qarovsizlik oqibatida ham nurab borayotganligi kishini tashvishlantiradi, deyiladi xabarda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Labi hovuz ansamblining sharqiy qismida joylashgan Nodir Devonbegi madrasasi dastlab karvonsaroy sifatida qurilgan. Keyinchalik madrasaga aylantirilgan. Madrasa katta masjid, darsxona vazifasini o‘tagan zaldan, to‘rtta darsxona va 28 ta hujralardan iborat bo‘lgan.

Qator yillar mazkur maskanda ta’lim berilgan. Sovet hokimiyati yillarida islom diniga qarshi kurash avj olgach, madrasada ta’lim berish to‘xtatilgan. Hozirda u hunarmandchilik markaziga aylantirilgan. Aniqrog‘i, madrasa hujralarining aksariyati mahalliy hunarmandlarga bo‘lib berilgan.

«Turistlar bilan doim gavjum bo‘ladigan ushbu joydagi bunday xunuk manzara, bu yerda tashlandiq holda yotgan hujralarni ko‘rgan sayyohning ko‘nglidan qanday o‘ylar kechadi? Ulug‘ ajdodlarimizning mashaqqatli mehnati evaziga bunyod bo‘lgan yodgorliklarga xo‘jasizlarcha bunday munosabatga qanday baho beradi? O‘z yurtiga qanday taassurotlar bilan ketadi?! Hech bo‘lmasa bino ichi va atrofini tozalab, saqlab tursa bo‘ladi-ku», — dedi Botir Zaripov mas’ullarga yuzlanib.

Foto: Buxoro viloyat hokimligi.

Kuzatuv davomida Ko‘kaldosh madrasasidagi holat ham jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘lgan.

«Milliy me’morchiligimiz uslubida qurilgan ushbu ulug‘vor madrasaning bunday ahvolga kelib qolgani, mutasaddilarning bunga e’tiborsizligini Botir Zaripov keskin qoraladi», — deyiladi xabarda.

Buxoro shahar hokimi Jamol Nosirov, viloyat hokimining o‘rinbosari Botir Shahriyorov va madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Mahmudovni bir hafta muddatda shahardagi har bitta masjid va madrasani, madaniy meros obektlarini o‘rganish va ularni obodonlashtirish bo‘yicha qatiy ogohlantirdi.

Shuningdek, viloyat hokimining o‘rinbosari Botir Shaxriyorovga joriy yilning 10 apreliga qadar viloyatdagi tarixiy ahamiyatga molik barcha obektlarni obodonlashtirish topshirig‘ini berib, ishga puxta yondashishini tayinladi.

Foto: Buxoro viloyat hokimligi.