Qozog‘iston Ukrainaning hududiy yaxlitligini hurmat qiladi, deya ma’lum qildi Qozog‘iston prezidenti administratsiyasi (PA) rahbarining birinchi o‘rinbosari Timur Suleymenov Euractiv nashriga bergan intervyusida.

«Biz Qrimdagi vaziyatni ham, Donbasdagi vaziyatni ham tan olmadik va tan olmaymiz, chunki Birlashgan Millatlar Tashkiloti ularni tan olmaydi. Biz faqatgina Birlashgan Millatlar Tashkiloti darajasida qabul qilingan qarorlarni hurmat qilamiz», — deya qayd etgan Timur Suleymenov.

Shuningdek, u Qozog‘iston Rossiyaga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun vosita bo‘lmasligini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston AQSh va Yevropa Ittifoqining ikkilamchi sanksiyalari ta’siri ostida qolishni istamaydi hamda Rossiya va Belarusga qo‘yilgan cheklovlarga rioya qiladi.

U, o‘z navbatida, yevropalik hamkorlarga Qozog‘iston Rossiya bilan savdo aloqalarini to‘xtatmasligini ma’lum qilgan. «Biz Rossiya bilan savdo qilishda, Rossiyaga investitsiya kiritishda, Rossiya uchun investitsiyalarni jalb qilishda davom etamiz… Biroq sanksiyaga kiritilgan tovarlarni nazorat qilish uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz», — deya ta’kidlagan Timur Suleymenov.

Politico nashri bilan suhbatda Timur Suleymenov Qozog‘iston Ukraina masalasida betaraf — neytral pozitsiyada ekanligini yana bir bor ta’kidlagan. Uning qayd etishicha, Qozog‘iston ziddiyatda qaysidir tarafni «na harbiy, na siyosiy jihatdan qo‘llab-quvvatlamaydi», biroq Ukrainaga insonparvarlik yordamini ko‘rsatadi.

PA vakili, shuningdek, Qozog‘iston Rossiyada o‘z mahsulotlarini sotishni davom ettirish va kiritilgan sanksiyalarning potensial salbiy oqibatlarining oldini olish istagida bo‘lgan kompaniyalarga yordam ko‘rsatishga tayyorligini ma’lum qilgan. Uning aniqlik kiritishicha, Qozog‘iston Yevropa kompaniyalariga xalqaro sanksiyalarni chetlab o‘tish yo‘lini emas, balki rossiyaliklarga har xil turdagi tovarlarni qonuniy yo‘l bilan sotishda amaliy yordam ko‘rsatishni taklif qilmoqda.

O‘z navbatida, Qozog‘iston sanksiya rejimiga amal qilgan va boshqa barcha majburiyatlarini bajargan holda, mamlakatga Yevropa biznesini jalb qilish imkoniyatlariga Yevrokomissiya e’tiroz bildirmasligi ta’kidlangan.

Bundan tashqari, Timur Suleymenov Qozog‘iston Rossiya hududidan o‘tuvchi Kaspiy quvurlari konsorsiumi loyihasi doirasida Yevropaga neft yetkazib berishni davom ettirishdan manfaatdor ekanligini ma’lum qilgan hamda mazkur loyihaga «siyosiy tus berilmasligiga» umid bildirgan.