25 mart kuni Nur-Sulton shahrida Milliy xavfsizlik qo‘mitasi (KNB) kontrrazvedkasi Qozog‘iston prezidentiga suiqasd uyushtirishni rejalashtirayotgan «xorijiy razvedka agenti»ni qo‘lga oldi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Xavfsizlik tashkiloti ushbu shaxsni «agent A» deb atamoqda. Uning Qozog‘iston fuqarosi ekani ma’lum qilindi.

Shu bilan birga, u prezidentga suiqasddan tashqari, bir qator maxsus va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga qarshi terrorchilik harakatlarini amalga oshirib, ayrim yuqori martabali davlat xizmatchilariga suiqasd qilishni rejalashtirgan.

Tintuv chog‘ida «agent A»dan snayper miltig‘i, giyohvand moddalar va katta miqdordagi pul topilib, musodara qilingan. Qurol-yarog‘ Qozog‘iston hududiga qismlarga bo‘lib professional niqoblangan holda olib kelingan, deyiladi KNB xabarida.

Foto: Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi matbuot xizmati

Bundan tashqari, «agent A» ijtimoiy tarmoqlarda tegishli materiallarni chop etish orqali Qozog‘istonda Rossiyaga qarshi tashviqot olib borish va jamiyatda rusofobik qarashlarni shakllantirish vazifalarini olgani aytildi.

Dastlabki tergov davomida ushbu Qozog‘iston fuqarosi yuqorida ko‘rsatilgan qilmishlarni xorijiy davlatning ko‘rsatmasi va manfaatlarini ko‘zlab sodir etganligini tan olgan.

Hozirda unga nisbatan Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 255-moddasi, 4-qismi (terrorizm akti) va 24-moddasi, 1-qismi (jinoyat va suiqasdga tayyorgarlik) bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.