Davlat xavfsizlik xizmati qalbaki banknotalar tayyorlash bilan shug‘ullanishda gumon qilingan uyushgan guruh ishtirokchilarini qo‘lga oldi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, DXX chirchiqlik fuqaroni Buxoroga borib, 10 mln 100 ming so‘m miqdoridagi qalbaki milliy valyutani 600 AQSh dollariga sotayotgan vaqtida qo‘lga olgan.

Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, uning jinoiy sherigi, Gulistonda yashovchi shaxs 600 dollarni qabul qilib olgan vaqtida ushlandi hamda uyida 2,15 mln so‘m miqdorida qalbaki banknotlar borligi aniqlandi. Surishtiruv davomida pullar aslida Andijon shahrida tayyorlanishi ma’lum bo‘lgan.

Dastlab Andijonda yashovchi shaxs o‘zining Damas avtomobilida 3,2 mln so‘m miqdoridagi 64 dona 50 ming so‘mlik qalbaki banknotlarni olib ketayotganda ushlangan.

So‘ngra bu pullarni tayyorlovchi yana bir fuqaroning uyidan pul tayyorlashda kerak bo‘ladigan buyumlar hamda 14,5 mln so‘m miqdoridagi qalbaki pullar topilgan

Jinoiy guruh shu vaqtgacha jami 300 mln so‘mdan ortiq qalbaki pullarni Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahrida muomalaga kiritishga ulgurgan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 176-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.