1 aprel kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi Ukrainada tinch aholi orasidagi yo‘qotishlar to‘g‘risidagi hisobotini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, Rossiya Fereratsiyasi Qurolli kuchlari Ukrainaga hujum qilgan 24 fevral soat 4:00 dan boshlab 31 martga qadar mamlakatda 3257 ta holatda odamlar o‘limi yoki jarohatlanishi qayd etilgan.

Shundan:

  • Jami 1276 nafar fuqaro halok bo‘lgan — ularning 260 nafari erkaklar, 184 nafari ayollar, 18 nafari qizlar va 36 nafari o‘g‘il bolalarni tashkil qilmoqda, shuningdek, 61 nafar bolakay va 717 nafar kattalarning jinsi hozircha aniqlanmagan.
  • Jami 1981 nafar fuqaro jarohatlangan — 228 nafari erkaklar, 174 nafari ayollar, 38 nafari qizlar va 34 nafari o‘g‘il bolalardan iborat, qolaversa, 88 nafar bolakay va 1419 nafar kattalarning jinsi hozircha aniqlanmagan.

1443 ta holatda Donets va Luganskda — 425 kishi halok bo‘lgan va 1018 kishi jarohat olgan:

  • Hukumat tomonidan nazorat qilinayotgan hududda: 1130 ta holatda 358 kishi halok bo‘lgan va 772 kishi jarohatlangan.
  • O‘zini mustaqil deb e’lon qilgan (Donets va Lugansk) respublikalar nazorat qilayotgan hududda: 313 ta holatda 67 kishi halok bo‘lgan va 246 kishi jarohatlangan.

1814 ta holatda Ukrainaning hukumat nazoratidagi boshqa hududlarida (Kiyev shahri hamda Cherkass, Chernigovsk, Xarkov, Xerson, Kiyev viloyati, Nikolayevsk, Odessa, Sumsk, Zaporoje, Dnepropetrovsk va Jitomir viloyatlarida) 851 kishi vafot etgan va 963 kishi jarohatlangan.

Foto: t.me/V_Zelenskiy_official.

Bundan tashqari, Oliy komissar boshqarmasi Ukraina bosh prokurorining 1 aprel mahalliy (Ukraina) vaqt bilan soat 8:00 dagi ma’lumotiga ko‘ra, 153 nafar bolakay halok bo‘lgani va 245 nafar bola jarohat olganini qo‘shimcha qildi.

Tinch aholi orasida qayt etilgan o‘limlar va jarohatlanishlarning asosiy qismi keng ko‘lamli qirg‘in maydoniga ega portlovchi qurollardan foydalanish, shu jumladan, og‘ir artilleriya va ko‘plab raketa tizimlaridan o‘qqa tutish, qolaversa, raketa va havo zarbalari oqibatida sodir bo‘lgan, deyiladi bayonotda.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining fikricha, qurbonlar soni, ayniqsa, hukumat nazorati ostidagi hududlarda ko‘proq bo‘lishi mumkin. So‘nggi kunlarda jangovar harakatlar ketayotgan joylardan olingan ma’lumotlar kechikmoqda va ko‘plab xabarlar hali ham tasdiqlanishini kutmoqda.

Avvalroq, BMT 24 fevraldan 20 martgacha Ukrainadagi urushda 925 nafar tinch aholi halok bo‘lgani va 1496 kishi yaralanganini ma’lum qilgandi.