Samarqand davlat tibbiyot instituti negizida Samarqand davlat tibbiyot universiteti tashkil etildi. Tegishli qaror prezident tomonidan 1 aprel kuni imzolandi. Hujjat O‘zAda e’lon qilindi.

Universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib uzluksiz tibbiy-kasbiy ta’lim tizimida yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish belgilandi.

Muassasa amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltiradi, xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan ilg‘or pedagogik texnologiyalar, o‘quv dasturlari va innovatsion o‘quv-metodik materiallarni keng joriy etadi.

Shuningdek, universitet xorijiy tibbiyot OTMlar bilan hamkorlikda talabalar, professor-o‘qituvchilar va ilmiy izlanuvchilar akademik mobilligi dasturlari hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy qiladi.

Qolaversa, universitet moddiy-texnika bazasini modernizatsiya qilib, simulyatsion markaz, o‘quv va ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari hamda zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlanadi. Samarqand viloyati hamda qo‘shni hududlar sog‘liqni saqlash tizimi ehtiyojlarini va muammolarini muntazam o‘rganib, ularni vakolati doirasida bartaraf etish maqsadida sog‘liqni saqlash tizimi hamda nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida uzviy hamkorlikda ishlaydi.

Universitet tarkibida quyidagilar tashkil etiladi:

  • Samarqand tumani O‘rtashiq qishlog‘ida joylashgan Samarqand viloyati salomatlikni tiklash shifoxonasi negizida universitet huzuridagi Reabilitologiya va sport tibbiyoti ilmiy-tadqiqot instituti;
  • Universitetning birinchi va ikkinchi klinikalari negizida Samarqand davlat tibbiyot universiteti ko‘p tarmoqli klinikasi va ixtisoslashgan bolalar xirurgik klinikasi;
  • Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazi;
  • Immunologiya, allergologiya va inson genomikasi ilmiy markazi.

Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazining L.M.Isayev nomidagi filiali va uning klinikasi universitet tarkibiga o‘tkazildi.

OTM faoliyati va uning klinikalari davlat budjeti, budjetdan tashqari mablag‘lar va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar bilan moliyalashtiriladi.

Universitet tibbiyot institutining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan, xalqaro shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi. Unda o‘qiyotgan talabalar o‘z mutaxassisliklarida o‘qishini davom ettiradi hamda bitiruvchilarga universitet diplomi beriladi.

Universitetda bakalavriatning bitiruvchi bosqich talabalari uchun sog‘liqni saqlash tizimi birlamchi bo‘g‘in muassasalari (ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar, oilaviy poliklinikalar, oilaviy shifokor punktlari) hamda klinik bazalarda 6 oylik malakaviy amaliyot ko‘rinishidagi subordinatura joriy etiladi.

Shuningdek, universitet o‘z tarkibidagi muassasalarning muassisi bo‘ladi va ularning faoliyatini muvofiqlashtiradi. Tarkibiy tuzilmalar davlat muassasalari bo‘lib, shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga ega. Ularga rahbarlarni universitet Kengashining taqdimnomasiga ko‘ra, sog‘liqni saqlash vaziri (Behzod Musayev) tayinlaydi.

Qolaversa, Samarqand viloyati Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari va tibbiyot kollejlari universitetga biriktiriladi.

Bunda, universitet:

  • texnikumlar va kollejlardagi ta’lim va amaliyot sifati uchun bevosita mas’ul bo‘lib, ularda zarur moddiy-texnika, o‘quv-metodik bazani yaratadi va o‘quv jarayoniga tajribali mutaxassislarni jalb etib boradi;
  • texnikumlar va kollejlarda faoliyat yurituvchi o‘qituvchilarga ilmiy-metodik jihatdan ko‘maklashadi;
  • klinikalari texnikumlar va kollejlar uchun klinik baza bo‘lib xizmat qiladi.

Bundan tashqari, kafedralari o‘z yo‘nalishida texnikumlar va kollejlarga zamonaviy o‘qitish metodikasi va texnologiyalarini o‘rgatadi, o‘qituvchilar va o‘quvchilarning bilimini baholab boradi.