Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanidagi 5-DMTTda zaharlangan 25 nafar tarbiyalanuvchi voqeasi yuzasidan 6 kishiga nisbatan ayblov e’lon qilindi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

Toshkent viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan tarbiyalanuvchilar zaharlanishi bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha 6 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 116-modda (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) va 257−1-moddasi (sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan ayblov e’lon qilinib, ularga nisbatan tegishli ehtiyot choralari qo‘llanilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning avgustida zaharlangan bolalarning 6 nafari og‘ir holatda jonlantirish bo‘limida ekanligi, 1 nafar tarbiyalanuvchi o‘pkaning sun’iy nafas berish moslamasiga ulangani, yana 19 nafar tarbiyalanuvchining holati o‘rtacha og‘ir deb baholangani haqida yozgandik.

Bundan tashqari, o‘shanda tarbiyalanuvchi M.B. 2 avgustgdan 7 avgustga qadar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Toshkent viloyati filiali shifokorlari tomonidan shifoxonadan tashqari ikki tomonlama o‘choqli pnevmoniya va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, miya shishi asoratlari tashxisi qo‘yilib davolash ishlari olib borilgandi. Maktabgacha ta’lim vazirligi shifokorlarning harakatlariga qaramay pnevmoniya kasalligi asoratlariga ko‘ra yurak qon-tomir yetishmovchiligi tufayli 7 avgust kuni biologik o‘lim qayd etilganini ma’lum qilgandi.