O‘tgan haftada Fransiya hukumati rossiyalik milliarder Alisher Usmonov bilan bog‘liq bo‘lgan ikkita vertolyotni Cote d’Azur sohilida hibsga oldi, deb xabar bermoqda Forbes.

Nashrning Fransiya iqtisodiyot va moliya vazirligi vakiliga tayanib ma’lum qilishicha, Le-Kastelledagi Airbus EC-175 (bort raqami M-DLBR) hamda Monte-Karlodagi Eurocopter EC-155 (M-DLBA) vertolyotlariga mulk huquqi cheklandi.

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, Airbus EC-175 so‘nggi bor 2021 yilning 13 noyabrida Le-Kastelleda, Eurocopter EC-155 esa — Monte-Karloda qayd etilgan. Har ikki vertolyot Buyuk Britaniyaning Men orolchasida ro‘yxatga olingan, biroq, ularni uch marta ro‘yxatdan chiqarishgan. Bu vertolyotlar boshqa biror mamlakatda ro‘yxatdan o‘tmagunicha va sug‘urta qilinmaguncha sertifikatdan mahrum qilinishi hamda ucha olmasligini anglatadi.

Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, Airbus EC-175 Crystal Sky Limited kompaniyasiga, Eurocopter EC-155 bo‘lsa — Margaux Aviation Limited kompaniyasiga tegishli. Har ikki kompaniya Kayman orollarida joylashgan. Nashr ikki vertolyot narxini yangi va ishlatilgan modellar bilan solishtirgan holda 26 mlr dollar miqdorida baholagan.

Alisher Usmonov vakilining Forbes`ga ma’lum qilishicha, tadbirkor ushbu vertolyotlarga egalik qilmaydi.

«[Forbes tilga olgan] mulkning katta qismi, jumladan ikki vertolyot qaytarib bo‘lmaydigan trastlarga o‘tkazilgan. Janob Usmonov ularga egalik qilmaydi. Mulklarning oilaviy trastlarga o‘tkazilishi ko‘p yillar ilgari boshlangan va bu sanksiyalardan qochish yoki boylikni yashirishga hech qanday aloqasi yo‘q», — dedi u.

28 fevral kuni Yevropa Ittifoqi sanksiyalar ro‘yxatiga Alisher Usmonovni kiritdi. Monako ham Rossiyaga qarshi ko‘pchilik Yevropa davlatlaridagi kabi bir xil iqtisodiy sanksiyalarni joriy etdi va aktivlarni muzlatish jarayonini ishga tushirdi.

Avvalroq, Italiyaning Sardiniya orolida rossiyalik oligarx Alisher Usmonovning mol-mulklari musodara qilingandi. Jumladan, tadbirkor 17 mln yevrolik villasi va 66 mln yevrolik aktivlari bo‘lgan oltita kompaniyasidan ayrilgan. Shunindek, pulemyot va qo‘l granatalari hujumlariga bardoshli qiymati 600 ming dollardan ziyod Mercedes Maybach S650 Guard VR10 avtomobili ham olib qo‘yilgani aytilgandi. Mart oyi boshlarida tadbirkorning dunyodagi eng yiriklaridan biri hisoblangan Dilbar nomli 600 mln dollarlik super yaxtasi hamda Rossiyadagi eng yirik samolyotlardan biri deb qaralgan xususiy samolyoti AQShda amerikalik shaxslar tomonidan foydalanish uchun bloklangandi.