Fitch xalqaro reyting agentligi 2022-yilda O‘zbekistonning real iqtisodiy o‘sish sur’ati prognozini 3,1% gacha pasaytirdi. Bu haqda agentlikning 1-aprel kuni e’lon qilingan hisoboti ma’lumotlariga tayanib, Moliya vazirligi axborot xizmati xabar qildi.

Agentlik prognozlariga ko‘ra, jahonda yuzaga kelgan vaziyat fonida O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishning pasayishi, 2022−2023-yillarda joriy operatsiyalar hisobi defitsiti va inflyatsiya darajasining ortishi kutilmoqda.

Mazkur prognozlar quyidagi omillar bilan izohlangan:

  • xorijdan pul o‘tkazmalari kamayishi ortidan uy xo‘jaliklari iste’molining qisqarishi;
  • investitsiya loyihalarining kechikishi;
  • tashqi qarz jalb qilish shartlarining qat’iylashishi;
  • valyutaning ko‘proq qadrsizlanishi;
  • yuqoriroq inflyatsiya kutilmalari.

Agentlik mamlakatdagi fiskal siyosat va xom-ashyo, xususan, oltin, mis va gaz eksporti narxlari tashqi shoklar ta’sirini yumshatishga xizmat qilishi mumkinligini ta’kidlagan.

Fitch`ga ko‘ra, 2022-yilda mamlakatda inflyatsiya darajasi o‘rtacha 12,7% ni tashkil qilishi kutilmoqda (2023-yilda o‘rtacha 11,6%). Bu milliy valyuta kursining pasayishi, yuqoriroq inflyatsiya kutilmalari va oziq-ovqat narxlari ko‘tarilishi bilan izohlangan.

Shuningdek, inflyatsiya dinamikasiga valyuta kursining tebranishi, gaz va elektr-energiya tariflarining erkinlashtirilishi, nooziq-ovqat va xizmatlar narxining barqarorligi ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi qayd etilgan.

Hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston suveren kredit reytingi BB- (barqaror kutilma) darajada baholangan. Agentlik mamlakatning mustahkam tashqi va fiskal zaxiralari, mo‘'tadil davlat qarzi darajasi va BB reytingiga ega mamlakatlarga nisbatan yuqori o‘sish sur’atlari respublika suveren kredit reytingini qo‘llab-quvvatlovchi omillardan ekanligini qayd etgan.

Shuningdek, mamlakatning xom-ashyo tovarlariga bog‘liqligi, institutsional va boshqaruv sifati darajalarining sustligi, yuqori inflyatsiya darajasi va aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotning (YAIM) pastligi respublika kredit reytingini cheklovchi omillar sifatida sanab o‘tilgan.

Agentlikning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning suveren kredit reytingi va kutilmasi quyidagi hollarda oshirilishi mumkin:

  • yuqori iqtisodiy o‘sishga erishilganda va aholi jon boshiga YAIM miqdorining BB reytingiga ega davlatlar bilan farqi kamayganda;
  • “qonun ustuvorligi”, “aholi fikrini inobatga olish va hisobdorlik”, “tartibga solish sifati” va “korrupsiyani nazorat qilish” kabi boshqaruv standartlari sezilarli yaxshilanganda;
  • fiskal va tashqi zaxiralar sezilarli oshganda.

O‘z navbatida, mamlakatning suveren kredit reytingi quyidagi hollarda pasaytirilishi mumkin:

  • joriy operatsiyalar hisobi manfiy saldosining ortishi, xalqaro zaxiralarning sezilarli darajada kamayishi yoki tashqi majburiyatlarning tez oshishi;
  • iqtisodiy o‘sish sur’atining davomiy sekinlashishi, davlat qarzining YAIMga nisbati keskin oshishi yoki suveren fiskal buferlarning kamayishi.

Shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining yangilangan prognozlari Markaziy Osiyo mintaqasida 2022-yilda YAIM o‘sish sur’ati 4,8% emas, 3,2% ni tashkil etishini ko‘rsatgan. Xususan, bank O‘zbekistonda YAIM o‘sishi sur’ati prognozini 6% dan 4% gacha pasaytirgan.