31 mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida Ulamolar Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi idora matbuot xizmati.

Yig‘ilishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Ramazon oyini yuqori saviyada o‘tkazish uchun amalga oshirilgan ishlar va ulug‘ oyda bajarilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalarga alohida to‘xtalib o‘tdi.


Muftiy Nuriddin Xoliqnazarov. Foto: O‘zbekiston musulmonlari idorasi.

Xususan, mo‘min-musulmonlar ibodat qilishi uchun masjidlarda qulay shart-sharoitlar tashkil etish, xatmi Qur’onlarni puxta tayyorgarlik bilan o‘tkazish, iftorlik o‘tkazishda isrofga yo‘l qo‘ymaslik, muborak oy fazilatlari haqida imom-xatiblar tomonidan muntazam OAVda targ‘ibot ishlari olib borish ta’kidlanib, qut-baraka oyini yuqori saviyada o‘tkazish borasida bir qator tavsiyalar berdi.

Muftiy Ramazon oyining ilk oqshomida 2083 ta masjidida taroveh namozlari boshlanishi, oy davomida 1520 dan ortiq jomeda xatmi Qur’onlar amalga oshirilishini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ramazon oyidagi xatmi Qur’onning kunlik taqsimoti jadvalini e’lon qilgan edi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda Ramazon oyi 2 apreldan boshlanishi rasmay e’lon qilindi. Taroveh namozlari va xatmi Qur’on esa bugun, 1 apreldan boshlanadi. Ramazon oyi taqvimi, saharlik va iftorlik vaqtlarini quyidagi havola orqali bilib borish mumkin.