31 mart kuni soat 19:20 da Xorazm viloyati IIB navbatchilik qismiga Urganch shahrining Al-Xorazmiy va Xonqa ko‘chasi chorrahasida o‘rnatilgan reklama monitorida pornografik mazmundagi video namoyish etilgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan, deya xabar qildi boshqarma axborot xizmati.

Ushbu videolavhaning reklama monitoridagi namoyishi zudlik bilan to‘xtatilgan va ichki ishlar organlari tomonidan olib borilgan dastlabki tezkor-surishtiruv ishlari natijasida pornografik mazmundagi videolavha reklama monitori tegishli bo‘lgan xususiy firma ishchisi, 1978 yilda tug‘ilgan I. I. tomonidan reklama roliklarini joylashtirish jarayonida ehtiyotsiz natijasida monitor xotirasiga yuklangani ma’lum bo‘ldi.

Keyinroq ijtimoiy tarmoqlarda ushbu videoni joylashtirgan shaxs jamoatchilikdan uzr so‘ragani aks etgan videoyozuv tarqaldi.

Xozirda holat yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.