10 apreldan boshlab mahalla, tuman, viloyat va respublika bosqichlaridan iborat ommaviy sport tadbirlari o‘tkaziladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 1 aprel kuni o‘tkazilgan yig‘ilishida ma’lum qildi.

Unda muhim Sportni rivojlantirish vazirligining asosiy vazifalaridan biri hisoblangan bolalar va yoshlar o‘rtasida sportni ommalashtirish yo‘nalishidagi rejalar taqdimot qilindi.

Shunga muvofiq, vazirlikka mahallalardagi yoshlar yetakchilari bilan birga yil davomida 6 million nafar o‘g‘il-qizlarni ommaviy sport tadbirlariga qamrab olish vazifasi qo‘yildi.

“Buning uchun 10 apreldan boshlab, mahalla, tuman, viloyat va respublika bosqichlaridan iborat ommaviy sport tadbirlari o‘tkaziladi. Ularni tashkil etish uchun „Yoshlar daftari“ jamg‘armasidan har bir viloyatga 100 million so‘mgacha, g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash uchun 1 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratiladi. Eng yaxshi natija ko‘rsatgan yoshlar tuman va shahar, viloyat hamda milliy terma jamoalar tarkibiga saralab olinadi”, — deyiladi xabarda.


Qolaversa, mahallalarda sport infratuzilmasini yaxshilash, loyihalar qiymatini maqbullashtirib, maydonchalar tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Ommaviy sport tadbirlarida yoshlarning ishtiroki bo‘yicha mahallalar reytingini ishlab chiqish, “qoniqarsiz” deb topilgan joylarga taniqli murabbiy va sportchilarni biriktirib, sportni rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi. Ularga Olimpiya va paralimpiya o‘yinlari, xalqaro musobaqalar g‘oliblari motivatsion uchrashuvlar o‘tkazishi muhimligi aytildi.

Bundan tashqari shu yil Xanchjouda o‘tadigan Osiyo o‘yinlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish, sport murabbiylari tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qarorlar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Ma’lumot uchun, so‘nggi uch yilda 118 ta sport majmuasi, mahallalarda 7 mingta sport maydonchasi foydalanishga topshirildi. Bugungi kunda 3500 ta mini-futbol, 6 mingta basketbol, voleybol, 663 ta badminton maydonlari, mingdan ortiq fitnes zallari mavjud. Har bir tuman va shahar markazlarida “Salomatlik yo‘laklari” va velosiped yo‘llari tashkil etildi.

Eslatib o‘tamiz, 14 mart kuni boks bo‘yicha Bahodir Jalolov, gimnastika bo‘yicha Oksana Chusovitina sport mahorati maktablarini tashkil etish bo‘yicha prezident qarori qabul qilingandi. Unga ko‘ra maktabda jami 165 nafar 1−11-sinf o‘quvchilari umumta’lim dasturlar bo‘yicha o‘qitilishi, bu ularga eng yaqin joylashgan umumiy o‘rta ta’lim maktablarida amalga oshirilishi aytilgandi. Yig‘ilishda shu borada amalga oshiriladigan ishlar ham taqdimot qilindi.