O‘zbekistonda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida ajratilgan muammoli kreditlar soliq to‘lovchilar hisobidan to‘lanishi mumkin.

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov raisligida bo‘lib o‘tgan hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha Respublika komissiyasining 9 martdagi yig‘ilishining 3-sonli bayonnomasiga asosan (hujjat nusxasi “Gazeta.uz"da mavjud), Markaziy bank Vazirlar Mahkamasiga 2017−2021 yillarda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari uchun ajratilgan, lekin haligacha qaytarilmayotgan muammoli kreditlarning hokimliklar mahalliy budjetlarining oshirib bilan bajarilgan qismi hisobiga qoplanishini ta’minlash bo‘yicha asoslantirilgan taklif kiritish topshirishi kerak.

Muammoli kreditlarning yuqori ulushi Namangan, Andijon, Jizzax va Samarqand viloyatlarida kuzatilmoqda. Mazkur viloyatlar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlarining (tegishli ravishda Tolib Yusupova, Otabek Tursunov, Abduvali Mustanov va Jamshed O‘rakov) kredit mablag‘larini undirish borasidagi ishlari qoniqarsiz deb topildi. Ular ushbu masala yuzasidan komissiyaning navbatdagi yig‘ilishiga hisobot tayyorlashlari kerak.

Bayonnomada muammoli kreditlar hajmi ko‘rsatilmagan, biroq Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yil 1-mart holatiga ko‘ra, banklarning kredit portfelidagi tadbirkorlikni rivojlantirishga yo‘naltirilgan kreditlar qoldig‘i 11 trln so‘mdan ortiqni tashkil qilgan.

Avvalroq deputat Rasul Kusherboyev Hisob palatasi hisobotiga tayanib ma’lum qilganidek, 2021-yilda prezident qarori (PQ-5041) bo‘yicha 2,8 trln so‘m (Markaziy bankning 1-apreldagi kurslari bo‘yicha 245,7 mln dollar) miqdorida muammoli kreditlar ajratilgan.

1-mart holatiga ko‘ra, banklarning kredit portfelidagi barcha muammoli kreditlarning ulushi 5,3 foizga yoki 17,2 trln so‘mga yetgan.

Moliyachi Otabek Bakirovning qayd etishicha, hujjatda “keyinchalik undirilgan kreditlarga nisbatan regress huquqini qo‘llash haqida gap-so‘z yo‘q” (kreditorning qarzdor aybi bilan uchinchi shaxsga to‘lagan pul summasini qaytarish to‘g‘risidagi fuqarolik-huquqiy talabi).

“Yangi davrning o‘tgan yillarida oilaviy tadbirkorlik shiori ostida ajratilgan imtiyozli kreditlardan mahalliy hokimlar, ularning vositachi va o‘rtamchi shotirlari manfaatdor bo‘lib kelishgan. Qarzdorlarga karrasiga qimmat qoramol, tovuq, quyon, limon ko‘chatlari va issiqxonalarning shishirilgan qiymati asosan shu o‘rtamchilar cho‘ntaklarida jamlangan”, — deb yozdi u.

“Endi qarangki, mazasini hokimto‘ralar va ularning shotirlari ko‘rgan kreditlar yana soliq to‘lovchilar hisobidan so‘ndirilishi mumkin. Shu bilan hammasi yopti-yopti bo‘ladi, ketadi”, — dedi u.

“Bizningcha, imtiyozli kreditlash bo‘yicha eng rasvo, eng katta o‘zlashtirishlar yuz bergan Andijon, Namangan va Samarqand viloyatlari bo‘yicha bunday tartibda kreditlarni so‘ndirishga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Toki o‘g‘ri-muttahamlar jazosini olmagunicha”, — dedi u.

Aytish joizki, oilaviy tadbirkorlikka kreditlar hokimliklar huzuridagi Oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash markazining asoslantirilgan xulosasi asosida ajratilgan. Hokim yordamchilari instituti paydo bo‘lgach, endilikda ular bunday kreditlar ajratish bo‘yicha tavsiyalar berishlari mumkin.

“Imtiyozli kreditlar bor joyda korrupsiya bo‘ladi”

2020-yilning mart oyida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov “imtiyozli kreditlar bor joyda, albatta, noto‘g‘ri foydalanish tendensiyasi va korrupsion unsurlar bo‘ladi”, — deya ta’kidlagan edi.

Hisob palatasining “Xalq banki” Nurota filiali xodimi tomonidan ukasi va turmush o‘rtog‘ining nomiga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi bo‘yicha 6 ta kredit shartnomasi bilan 136 mln so‘m kredit ajratilib, maqsadsiz ishlatilgani haqidagi xabari ҳам buни tasdiqlaydi.

Navoiy viloyatida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida 20 nafar jismoniy shaxsga ajratilgan 2,2 mlrd so‘mlik muammoli kreditlar o‘rganilganda, ularning 13 nafariga ajratilgan kreditlar maqsadsiz ishlatilgani aniqlangan. Xususan, o‘zaro aloqador 3 nafar fuqaroga 51 ta kredit shartnomasi bilan ajratilgan 867 mln so‘m kreditlar maqsadsiz sarflangan.

Markaziy bankning 2022-yil fevral oyi yakunlari bo‘yicha ma’lumotlariga ko‘ra, so‘mdagi imtiyozli kreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 11,2 foizni tashkil etdi, bu bozordagidan (21,3 foiz) 90,1 foizga va Markaziy bankning asosiy stavani mart oyida oshirgunicha bo‘lgan stavkasidan (14%) 25 foizga arzonroqdir.