O‘zbekiston xorijdagi mehnat migrantlari vatan qaytsa, ularni qurilish ishlariga jalb qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 31 mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi.

«Viloyat hokimlari mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarni qurilishlarga jalb qilish, ularga zarur asbob-uskunalar olib berish uchun subsidiya ajratish hisobiga qo‘shimcha 100 ming aholining rasmiy bandligini ta’minlashi kerakligi ta’kidlandi», — deyiladi prezident matbuot kotibining xabarda.

Shuningdek, bandlikni ta’minlash uchun yangi mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.

Dunyo bozorlaridagi holat, xom ashyo, yoqilg‘i va oziq-ovqat mahsulotlari narxining o‘sib borishi, qo‘shni davlatlardan pul o‘tkazmalarining kamayishi aholi daromadlariga ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ta’sirni hisobga olib va inflyatsiya hisob-kitoblaridan kelib chiqib, ehtiyojmand aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ko‘lamini yanada kengaytirish bo‘yicha takliflar kiritish vazifasi qo‘yildi.

G‘ofurjon Mirzayev. O‘zbekiston24 videosidan lavha.

Videoselektordan keyin, O‘zbekiston24 telekanaliga bergan intervyusida Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev migrantlar va ularning oilasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha topshiriqlar berilganini ta’kidladi.

«Shu kungacha 1900 ga yaqin migrantlarimiz qaytib kelgan. Ular qayerda ishlagan, qanday ish qilgan, bular bo‘yicha ham ishlayapmiz. Va aprel-may oylarida yana 5000 migrantimiz qaytib kelishi ehtimoli bor. Ular ertaga qaytab kelsa qayerga [ishga] joylashtiramiz, nima bilan band qilamiz degan savollarga javob berish uchun bizni aniq hisob-kitoblarimiz bor», — dedi u.

Shavkat Abdurazzoqov. O‘zbekiston24 videosidan lavha.

Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov esa 67 ming migrant MDH va boshqa xorij mamlakatlarida ishlab yurganini ta’kidladi.

«Birinchi chorak davomida ularning 17 ming nafari yurtimizga qaytib keldi. Ularning barchasini ishga joylashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rildi. Bugungi kunda ular bilan ishlash davom ettirilmoqda. Oldimizda turgan vazifa viloyatimizda yil yakuniga qadar 570 ming aholimizning ishsizligini bartaraf etish, mavsumiy va doimiy ishlar bilan band qilishdan iborat», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning 9 oyi davomida 3 mlndan ortiq O‘zbekiston fuqarolari Rossiyaga ishlash uchun borganlari ma’lum qilingan edi.

Mart boshida «Gazeta.uz» iqtisodchi mutaxassislarning Rossiyadagi o‘zbek migrantlari hozirgi sharoitda nima qilgani ma’qulligi to‘g‘risidagi fikrlarini bir materialga jamlagan edi.