Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) Ukrainada kechayotgan urushning bank faoliyat yuritayotgan mintaqalar, jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotiga salbiy ta’siri xususidagi prognozlarini e’lon qildi.

Qayta ko‘rib chiqilgan prognozlar shuni ko‘rsatadiki, urush oqibatlari faqatgina urushayotgan mamlakatlar iqtisodiyoti bilan cheklanib qolmay, boshqa mintaqalarda ham o‘z aks-sadosini beradi va butun dunyo iqtisodiyotiga ta’sir ko‘rsatadi. Bank prognozlariga ko‘ra, o‘zi faoliyat olib borayotgan hududlarda 2022 yilda, avval e’lon qilinganidek 4,2 foiz emas, bor-yo‘g‘i 1,7 foiz iqtisodiy o‘sish kuzatiladi.

Xususan, Markaziy Osiyo mintaqasida 2022 yilda YAIM o‘sish sur’ati avval 4,8 foiz atrofida prognoz qilingan bo‘lsa, yangilangan prognozlar iqtisodiy o‘sish 3,2 foizni tashkil etishini ko‘rsatmoqda. O‘zbekistonda YAIM o‘sishi prognozi 6 foizdan 4 foizgacha, Qozog‘istonda — 3,8 foizdan 2 foizgacha, Qirg‘izistonda — 5 foizdan 1 foizgacha, Tojikistonda — 6,2 foizdan 3 foizgacha pasaygan.

Ayni paytda jahon iqtisodiyoti 1970 yillardan beri eng yirik ta’minot uzilishiga duch kelmoqda. Bank tadqiqoti 2022 yilda Ukraina YAIMining 20 foizga, Rossiya YAIMining 10 foizga pasayishini prognoz qilmoqda. Shu bilan birga, Rossiya va Ukraina jahon bozorlariga xomashyo mahsulotlari, jumladan, bug‘doy, makkajo‘xori, o‘g‘itlar, titan va nikel yetkazib berishda nomutanosib ravishdagi yirik ulushga ega.

Bank prognozlariga ko‘ra, Ukrainada 2022 yilgi mavsumda hosil qisman yig‘ib olinadi, biroq oziq-ovqat narxlari darajasi yil oxirigacha yuqoriligicha qolishi kutilmoqda. Tinchlik sulhi tuzilganidan so‘ng neft narxi barqarorlashishi, xususan, 2022 yil oxiriga kelib Brent bir barreli uchun 90 dollargacha pasayishi mumkin.

Oziq-ovqat, neft, gaz va metallar kabi tovarlar narxining ko‘tarilishi, ayniqsa, daromad darajasi past bo‘lgan mamlakatlar iqtisodiyotiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Energiya resurslari narxlarining o‘sishi eksportyorlar, jumladan, Qozog‘iston, Mo‘g‘uliston, Turkmaniston, O‘zbekiston uchun importyorlarga nisbatan manfaatliroq bo‘ladi.

Bozorlar geosiyosiy xatarlarni ortiqcha baholamoqda, bu esa Kavkaz va Markaziy Osiyo mintaqasidagi mamlakatlar valyutalariga bosimni keltirib chiqaradi, shuningdek, obligatsiyalar daromadliligining oshishiga olib keladi (o‘z navbatida, qarzdorlik jalb qilish xarajatlari o‘sadi). Yangilangan prognozlarga muvofiq, Markaziy Osiyo va Kavkazga Rossiya rublining konvertatsiyasi bilan bog‘liq cheklovlar hamda Rossiya va qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi havo transporti qatnovining qisqarishi qo‘shimcha ta’sir ko‘rsatishi mumkin, buning oqibatlari esa pul o‘tkazmalari va savdoda aks etadi.

Hisobotda keltirilgan ma’lumotlarning tasdiqlashicha, urushning dastlabki haftalarida Rossiya banklaridan pul o‘tkazmalari va naqd pullarning qisqarishi natijasida Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston milliy valyutalari keskin qadrsizlanishi kuzatilgan. Xususan, markaziy banklar tomonidan qabul qilingan chora-tadbirlarga qaramay, qirg‘iz somi, tojik somoni va o‘zbek so‘mi mos ravishda 20 foiz, 15 foiz va 7 foizgacha o‘z qiymatini yo‘qotgan. Ushbu yo‘qotishlarning bir qismi keyinroq rubl kursining o‘zgarishi hisobiga qoplab olindi.

Rossiyadan pul o‘tkazmalari Qirg‘izistonda YAIMning 31% ini, Tojikistonda — 26,7 foiz va O‘zbekistonda — 11,4 foizni tashkil etgani holda, mazkur davlatlar uchun xorijiy valyutadagi eng muhim daromad manbai hisoblanadi. 2021 yilning 9 oyi davomida Rossiyadan o‘tkazilgan transfertlar Tojikiston va O‘zbekistondagi barcha transfertlarning 50 foizdan ortig‘ini, Qirg‘izistonda esa 80 foizdan ortig‘ini tashkil etgan.

Noaniqlik uzoq muddatli investitsiyalar va yangi ish o‘rinlarini yaratishga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Rossiyada qurilish sohasida band bo‘lgan o‘zbekistonlik va tojikistonlik mehnat muhojirlari o‘z vataniga qaytishi natijasida mehnat bozorlariga qo‘shimcha bosim yuzaga kelmoqda.

Markaziy Osiyo mamlakatlarining aksariyati iqtisodiyotda oziq-ovqat va iste’mol tovarlari narxining keskin o‘sishiga dosh berolmaydi. Mintaqadagi asosiy bug‘doy yetishtiruvchilar — Qozog‘iston va O‘zbekiston — eksport kvotalari o‘rnatish orqali narxlar o‘sishini nazoratda ushlab turishga intiladi, deyiladi tadqiqotda. Import qiluvchilar uchun esa fiskal muvozanatni buzgan holda, asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini subsidiyalashdan boshqa chora qolmaydi. Vaziyat o‘g‘itlar narxining ko‘tarilishi qishloq xo‘jaligi mahsuldorligiga va mahsulot narxlariga ta’sir qilishi bilan yanada yomonlashmoqda.

Bank prognozlari bir necha oy ichida tinchlik sulhiga erishiladi, ko‘p o‘tmay Ukrainada keng ko‘lamli qayta qurish boshlanadi va mamlakat YAIMi 2023 yil oxirigacha urushdan oldingi darajaga qaytadi, ammo baribir pastligicha qoladi, degan taxminlarga asoslanadi.

Rossiyaga nisbatan sanksiyalar yaqin kelajakda ham davom etishi kutilmoqda. 2022 yilda mamlakat YAIMi keskin pasayganidan so‘ng, 2023 yilda Rossiya iqtisodiyotida stagnatsiya kuzatiladi, bu esa Markaziy Osiyo davlatlari va boshqalar uchun salbiy oqibatlarga olib keladi.