Toshkentning Bektemir tumanida fuqaro taqiqda bo‘lgan 2 gektar yerni 800 ming dollarga sotishga uringanlikda gumon qilinmoqda. Bu qayd etilgan fuqaro E.N. murojaati 30 mart kuni Bosh prokuraturaga kelib tushgan.

Murojaatchining so‘zlariga ko‘ra, «O‘» ismli shaxs tumanda joylashgan taqiqda bo‘lgan issiqxona uchun ajratilgan 2 gektar yer maydonining har bir sotixini 4 ming AQSh dollaridan jami 800 ming dollarga sotishini aytgan. Qolaversa, yer maydoniga qo‘yilgan taqiqni tegishli organlar orqali yechib, kelgusida qurilish ishlari uchun hujjatlarni rasmiylashtirib berishiga ishontirgan.

Shunga ko‘ra, gumondor fuqarodan oldindan 80 ming dollar berishini talab qilgan.

Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura, IIV, DXX va departament xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi. Gumonlanuvchi shaxs Yunusobod tumanidagi Kardiologiya markazi oldida arizachi E.N.dan 80 ming dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangani aytilmoqda.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Gumondor hozirda protsessual tartibda ushlangan. Ayni vaqtda tergov harakatlari olib borilmoqda.