FIB Mirobod tumanlararo sudining qarori bilan Bosh prokuraturadan ishda vafot etgan xodimi Samir Rahmonov uchun 951,2 mln so‘m nafaqa puli va 20 mln so‘m ma’naviy zararni undirish to‘g‘risida qaror qabul qilgani haqida yozgandik. Samirning otasi vafot etgach, da’vogar sifatida uning rafiqasi sudda qatnashgan.

Mazkur xabardan so‘ng, Bosh prokuratura matbuot xizmati sudning hal qiluv qarori asosliligi atroflicha o‘rganilishi va tegishli munosabat bildirilishini ma’lum qilgandi.

31 mart kuni bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Artikova mazkur holat yuzasidan o‘zining shaxsiy munosabatini bildirib o‘tdi.

«Birinchidan, bu bayonot. O‘zimizni munosabatimizni bildirishga bizning ham huquqimiz bor. Pogon bo‘lishidan qat’i nazar, Konstitutsiya bilan biz ham himoyalanganmiz», — deya izohladi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Samir Rahmonov ishda emas, kasalxonada vafot etgan.

«SSV tibbiyot xodimlarini kasbiy malakasini rivojlantirish markazi tomonidan xulosa berilyapti — Bosh prokuraturaning xodimi [Samir] Rahmanov o‘lim vaqti ishxonada emas, ko‘p tarmoqli kasalxonaga olib borilgan paytda o‘lganini. Yanvarda sudning ishni ko‘rishdan tugatish haqida qarori bor. Chunki da’vogar Rahmonovning otasi vafot etgan. Bu qaror hali kuchda, hech kim uni muhokama qilgani ham yo‘q, uni bekor qilgani ham yo‘q», — dedi Svetlana Artikova.

Ta’kidlanishicha, sud tibbiy-ekspertizadan o‘tkazishda murdani yorishga uning otasi rozilik bermagan.

«Ma’naviy zararni undirish haqida. Fuqarolik kodeksining 1021-moddasi bor. Ma’naviy zararni aniqlashda uni yetkazuvchining aybini tasdiqlash kerak. Lekin jinoyat ishi tergov oldi surishtiruv natijasida Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddaning 2-qismi, ya’ni, jinoyat tarkibi mavjud emas degan xulosaga kelingan», — dedi u.

«Shu o‘limda Bosh prokuraturaning aybi yo‘q. Xizmat bilan bog‘liq o‘lim bo‘ladigan bo‘lsa, u o‘lim albatta xizmat vazifasi bilan bog‘liqlik joyi bo‘lishi kerak. Bu qonunni men ishlab chiqqanim yo‘q, bu qonunga men imzo chekmayman, lekin bu qonunga men itoat qilishga va bajarishga shartman. [Samir] Rahmonovning o‘limi xizmat bilan bog‘liq emas, degan xulosaga ekspertiza ham kelgan», — deya ishontirmoqda Svetlana Artikova.

«Albatta, tegishli prokuratura to‘g‘risidagi qonunning 50 va 56-moddalariga asosan uni oila a’zolari, marhumning o‘zi himoya qilingan. Yetarlicha moddiy yordam ko‘rsatilgan», — dedi u. Biroq hozirgacha, shu jumladan, matbuot anjumanida ham Bosh prokuratura qancha miqdorda moddiy yordam ko‘rsatgani ochiqlangani yo‘q.

«Bosh prokuratura davlat budjetidan [mablag‘] olayotgan tashkilot. Agarda budjet intizomini siz bilan biz bajarmasak, milliard u yoqqa, milliard bu yoqqa qilsak, unda shifokorlarga, o‘qituvchilarga ustamalarni, oylikni, nafaqaxo‘rlarga nafaqasini kim to‘laydi? Nogironlarni kim himoya qiladi?» — deya munosabatini bildirdi Bosh prokuratura vakilasi.

«Agarda Bosh prokuraturaning aybi bo‘lsa, bajonidil ikkita qo‘lni ko‘taramiz, to‘laymiz. Lekin hozir mana shu Toshkent shahar sudidan hali kuchga kirmagan, 28 martda qaror qabul qilib, 29 martda ijtimoiy tarmoqlarga chiqarilgan, xattoki hali yozilmagan qaror e’lon qilingan. Prokuratura, albatta, o‘zining munosabatini bildiradi. Chunki Bosh prokuratura ish bo‘yicha taraf, chunki Bosh prokuratura protest bildirishga vakolati bor», — deya qo‘shimcha qildi u.

«Va e’tibor bergan bo‘lsangiz, Toshkent shahar sudi bayonotida sud o‘zining tashabbusi bilan da’vogarni ham, da’vo talabini ham o‘zgartirdi degan joyi bor. Bunda ham Fuqarolik kodeksining 124-modda talablari buzilgan. Sud o‘z tashabbusi bilan amaldagi sud qarori mavjud bo‘la turib, uni hech kim bekor qilmaganligini inobatga olmasdan, da’vogarni, da’vo talabini almashtirishga haqqi yo‘q. Albatta, o‘zim shu ishni nazorat qilaman, kerak bo‘lsa, Oliy sudgacha ham bosh prokuror o‘rinbosari tarzida takroran kassatsiya keltirishga tayyorman», — dedi u.

«Gazeta.uz» manbasining ma’lum qilishicha, sud qarori qabul qilingan 28 mart sanasidan hozirga qadar apellyatsiya shikoyati kiritilmagan. Bosh prokuror o‘rinbosarining mazkur bayonotiga hozircha Oliy sud yoki Toshkent shahar sudlari tomonidan munosabat bildirilmadi.

Ma’lumot o‘rnida, Fuqarolik protsessual kodeksining 124-moddasiga muvofiq, agar ish bo‘yicha taraflardan biri bo‘lgan fuqaroning vafotidan so‘ng nizoli huquqiy munosabat huquqiy vorislikka yo‘l qo‘ymasa, sud ish yuritishni tugatadi. Yuqoridagi holatda Samirning otasi vafot etgach, da’vogar tomon sifatida uning rafiqasi ishda qatnashgan.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning aprel oyida Bosh prokuratura matbuot xizmatining 33 yoshli xodimi Samir Rahmonov yurak xuruji sabab vafot etgandi. Avgust oyiga kelib uning otasi Bosh prokuratura ustidan arz qilgani haqida yozgan edik.

Ish FIB Mirobod tumanlararo sudining 2021 yil 17 sentabrdagi hal qiluv qarori bilan da’vogar A.Raxmanovning (marhumning otasi) ish joyidan nafaqa puli hamda ma’naviy zararni undirish to‘g‘risidagi da’vo va qo‘shimcha da’vo arizalari rad qilingandi. Da’vogar mazkur hal qiluv qaroridan norozi bo‘lib, sudga apellyatsiya shikoyati kiritdi.

Mazkur apellyatsiya shikoyati o‘tgan yilning noyabrida Toshkent shahar sudi FIB sudlov hay’atida ko‘rildi. Ishni ko‘rishda marhum S. Raxmonovning xotini N. Raxmonova ishga jalb qilinmagani, uning huquq va majburiyatlari tushuntirilmagani ma’lum bo‘ldi.

Birinchi instansiya sudida ish ko‘rilishi mobaynida marhumning otasida uning manfaatlarida sudga murojaat qilish va ishtirok etish huquqini beruvchi ishonchnoma bo‘lmagani, qolaversa, A.Raxmonovning o‘zi boquvchisini yo‘qotganlik uchun nafaqa olish huquqiga ega shaxslar doirasiga kirmasligi ma’lum qilindi.

Shu sababli, 6 dekabr kuni sudlov hay’atining ajrimi bilan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bekor qilinib, ish yangidan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudiga yuborildi. Agar birinchi instansiyada ish qayta ko‘rish jarayonida Samirning turmush o‘rtog‘i N. Raxmonova ishga jalb qilingan bo‘lsa, demak, bosh prokuror o‘rinbosarining vajlari asossiz bo‘lib chiqadi.

2021 yilning noyabr oyi o‘rtalarida Davlat mehnat inspeksiyasi Bosh prokuratura ish vaqtida vafot etgan xodimi bo‘yicha Mehnat vazirligi va Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmasiga tegishli tartibda xabar bermaganini ma’lum qildi.