Joriy yilning 30 va 31 mart kunlari Xitoyning Xuanshan shahrida Afg‘onistonga qo‘shni davlatlarining Vazirlar konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Rossiya, Xitoy, Eron, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston hukumatlari a’zolari va tashqi ishlar vazirlari ishtirok etdi. Bu haqda Innovatsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Konferensiya doirasida Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar tashqi ishlar idoralari rahbarlarining Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amir Xon Muttaqiy boshchiligidagi Afg‘oniston muvaqqat hukumati delegatsiyasi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda Indoneziya va Qatar tashqi ishlar vazirlari mehmon sifatida qatnashdi.

Ushbu tadbirlarda O‘zbekiston nomidan bosh vazir o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov ishtirok etdi.

Konferensiyada Sardor Umurzakov Afg‘onistonga mavjud muammolarni bartaraf qilish, milliy iqtisodiyotni qayta jonlantirish, ijtimoiy masalalarni hal etish va mamlakat hayotini normallashtirishda ko‘maklashishga qaratilgan mintaqaviy hamkorlikni muvofiqlashtirishni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.

Sardor Umurzakov Afg‘oniston muvaqqat hukumatini xalqaro miqyosda tan olish mexanizmi va mezonlarini ishlab chiqishni taklif qildi. Bu, o‘z navbatida, mamlakatning mintaqaviy makon va xalqaro hamjamiyatga integratsiyalashuvini tezlashtirish imkonini beradi.

Shuningdek, bosh vazir o‘rinbosari O‘zbekiston tomoni mintaqa davlatlari, hamkor mamlakatlar va Afg‘oniston bilan barcha ustuvor yo‘nalishlarda, jumladan, iqtisodiy jihatdan tiklashni tezlashtirish va afg‘on xalqining turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan yirik infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishda hamkorlikni davom ettirishga sodiqligini bildirdi.

Konferensiyada mojarodan keyingi davrda Afg‘onistondagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida ko‘p tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Tomonlar ichki va tashqi muammolarni hal qilishda Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlashning eng samarali yondashuvlari yuzasidan fikr almashdilar. Shu bilan birga, mamlakat muvaqqat hukumati tomonidan ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar e’tirof etildi.

«Afg‘oniston inqirozini tinch yo‘l bilan hal qilish uchun mintaqa davlatlarining sa’y-harakatlarini birlashtirish, mamlakatda barcha etnik va siyosiy guruhlarning ishtirokiga asoslangan inklyuziv hukumat tuzishni jadallashtirish, shuningdek, inson hamda ayollar va milliy ozchiliklarnining huquqlarini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi. Afg‘oniston muvaqqat hukumati tomonidan mamlakatdagi terroristik tashkilotlar faoliyatiga yo‘l qo‘ymaslik hamda Afg‘oniston hududidan qo‘shni davlatlarga tahdidlarning oldini olish bo‘yicha o‘z majburiyatlari bajarilishining muhimligiga, shuningdek, xalqaro hamjamiyatning boshqa talablariga alohida e’tibor qaratildi», — deyiladi xabarda.

Anjuman yakunida taraflarning qo‘shma bayonoti va Afg‘onistonni iqtisodiy jihatdan tiklashni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «Tunsi tashabbusi» qabul qilindi.

Tadbirlar doirasida Sardor Umurzakov, shuningdek, xorijlik hamkasblari bilan bir qator ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi. Xususan, XXR Davlat Kengashi a’zosi, tashqi ishlar vaziri Van I, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullahiyon va Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amir Xon Muttaqiy bilan ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vladimir Norov dunyodagi hodisalar munosabati bilan afg‘on masalasi jahon siyosatida ikkinchi darajaga tushib ketgani ta’kidlagani haqida xabar bergan edik. «Bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Xalqaro hamjamiyat ushbu mamlakatning buguni va ertasi uchun javobgarlikni zimmasiga olishi kerak», — dedi u BMT vazirlar anjumanida.