Dunyodagi voqealar sababli «xalqaro hamjamiyatning Afg‘onistonga e’tibori biroz pasaygan», dedi O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vladimir Norov 31 mart kuni Afg‘onistondagi gumanitar majburiyatlar bo‘yicha BMT vazirlar anjumanida.

«Afg‘on muammosi mohiyatan jahon siyosatida ikkinchi darajaga tushdi. Bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Xalqaro hamjamiyat ushbu mamlakatning buguni va kelajagi uchun javobgar bo‘lishi kerak», — dedi u.

«Hozirda Afg‘onistonda o‘tkir iqtisodiy inqiroz hukm surmoqda, moliyaviy resurslar, oziq-ovqat, dori-darmon va eng zarur tovarlar yetishmasligi sababli og‘ir gumanitar vaziyat yuzaga kelgan», — dedi vazir o‘rinbosari. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 24,4 milliondan ortiq odam yordamga muhtoj.

«Bugungi kunda bu davlat o‘z taraqqiyotining hal qiluvchi bosqichida. Yo bu davlat jahon hamjamiyatining yordami bilan normal iqtisodiyot va rivojlanish asoslarini yaratish uchun shart-sharoit yaratadi yoki yana terroristik va ekstremistik tashkilotlarning panohiga aylanadi», — dedi Vladimir Norov.

«Bu yerda bizda xalqaro hamjamiyat va Afg‘onistonning boshqa hukumatlari manfaatlari mos keladi, ular mamlakatni terrorchilardan tozalash bo‘yicha muayyan qadamlar qo‘ymoqda. Muvaqqat

«Bu yerda xalqaro hamjamiyat hamda mamlakatni terroristlardan tozalash uchun muayyan qadamlarni tashlayotgan Afg‘onistonning yangi hukumati manfaatlari mos tushayotganini ko‘rishimiz mumkin. Vaqtinchalik hukumat xalqaro hamjamiyat xavotirlariga faol munosabat bildirmoqda va ko‘zga ko‘rinarli natijalarga erishdi», — dedi TIV rahbariyati vakili.

O‘zbekiston Afg‘onistonning yana «chetlashtirilgan davlat»ga aylanib qolmasligi uchun ushbu mamlakatdagi eng o‘tkir ijtimoiy muammolarni hal qilishga qaratilgan aniq qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rish zarur, deb hisoblaydi. Shuning uchun ham O‘zbekiston mamlakatning xorijdagi moliyaviy aktivlarini qayta «eritish» tarafdori.

Vladimir Norov O‘zbekiston ikki marta — o‘tgan yilning sentabr va dekabr oylarida Afg‘oniston xalqiga oziq-ovqat, dori-darmon, kiyim-kechak va ko‘mirdan iborat insonparvarlik yordami yuborganini eslatib o‘tdi. «Biz qo‘shni davlatni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlashda davom etamiz, bu esa Afg‘onistonning elektr energiyasi importining 28 foizini qoplaydi», — dedi u.

Afg‘oniston tomoni import qilayotgan tovarlarning 32 foizga yaqini O‘zbekiston hududi orqali qo‘shni davlatga tranzit orqali olib o‘tilmoqda. O‘zbekiston mutaxassislari ham Mozori Sharif xalqaro ayeroporti faoliyatini tiklash ishlarini deyarli yakunlamoqda.

«„Termiz — Mozori-Sharif — Kobul — Peshovar“ temir yo‘li hamda „Surxon — Puli Xumri“ elektr uzatish liniyasi-500 qurilishi kabi yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda xalqaro moliya institutlari imkoniyatlarini jalb qilish orqali Kobulning yangi ma’muriyatiga ko‘maklashish zarur», — dedi vazir o‘rinbosari.

Afg‘onistonga gumanitar yuklarni markazlashtirilgan va maqsadli yetkazib berishni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Termiz shahrida ko‘p funksiyali transport-logistika xabini yaratish tashabbusi bilan chiqdi.

26−27 mart kunlari Toshkentda O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston transport departamentlari rahbarlarining cheklovlarni bartaraf etish bo‘yicha umumiy yondashuvlarni ishlab chiqishga hissa qo‘shishga qaratilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Vladimir Norov O‘zbekiston Afg‘onistonning malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga ko‘maklashayotganini ta’kidladi. O‘zbekistonda 300 ga yaqin afg‘onistonlik talaba tahsil olmoqda, fuqaro aviatsiyasi mutaxassislari va tibbiyot xodimlarini tayyorlash bo‘yicha kurslar tashkil etilgan, dedi u.

«Afg‘on masalasida BMTning rolini kuchaytirish va uning ovozi har qachongidan ham balandroq bo‘lishi kerak. BMT Afg‘onistonga yordam berish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarni safarbar qilish va muvofiqlashtirish uchun yanada katta mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi kerak», — dedi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari.