O‘zbekiston Musulmonlari idorasi 30 mart kuni Ramazon oyidagi xatmi Qur’onning kunlik taqsimoti belgilangani haqidagi xabarni e’lon qildi. Unga ilova qilingan jadvalda tarovihning birinchi kuni sifatida 1 aprel ko‘rsatilgan. Qoidaga ko‘ra, tarovih Ramazon oyi kirib kelishidan bir kun avval boshlanadi. Ushbu jadvalga tayanilsa, Ramazon 2 apreldan boshlanishi kutilmoqda.


Foto: O‘zbekiston musulmonlari idorasi

O‘z navbatida, O‘zbekiston musulmonlari idorasi 28 mart kuni Ramazon oyini munosib kutib olish va Islom dini tartib-qoidalari asosida oyni kuzatish bo‘yicha ishchi guruh tuzilganini xabar qilgan edi.

Taniqli ulamolar va malakali mutaxassislardan iborat ishchi guruh Ramazon oyi kirishini astronomik tahlillar asosida kuzatib borishi ma’lum qilindi.

«Uning natijalarini O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashiga kiritadi. Ramazon oyi boshlanishi haqidagi xabar Ulamolar kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi», — deyilgandi xabarda.

Biroq hozircha muqaddas oy qachon boshlanishi haqida rasmiy xabar e’lon qilingani yo‘q. «Gazeta.uz» ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati bilan bog‘lanishga urindi, biroq qo‘ng‘iroqlarga javob berilmadi.

Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti Ramazon oyi 2 apreldan boshlanishini ma’lum qildi.

«Ramazon oyining birinchi kuni 2 aprel sanasidan boshlanadi. Demak, 2 aprel, shanba kuni tong otmasidan avval, saharlik qilib, ramazon ro‘zasi niyat qilinadi. Shuningdek, tarovih namozidagi Qur’on hatmlari 1 aprel, juma kuni, xufton namozidan so‘ng o‘qilishi rejalashtirilgan», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, Qozog‘iston Musulmonlari diniy boshqarmasi 25 mart kuni mamlakatda Ramazon oyi 2 apreldan boshlanishi, «ushbu qo‘shma qaror O‘zbekiston va Qirg‘iziston musulmonlari diniy boshqarmalari bilan kelishgan holda qabul qilinganini» bildirdi.