Urganch aeroportidan uncha uzoq bo‘lmagan joyda O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan Al-Xorazmiy shaharchasi qurilishi rejalashtirilmoqda. Buning uchun 110 gektar maydon ajratildi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 mart kuni Xorazm viloyatiga tashrifi chog‘ida mazkur loyiha bilan tanishdi. Shaharning umumiy konsepsiyasi fevral oyida tasdiqlangan edi, deb eslatmoqda matbuot xizmati. O‘shanda Urganchda Al-Xorazmiy shaharchasi tashkil etilishi haqida xabar berilgan edi. «Bu safar undagi har bir binoning vazifalari va mazmuni muhokama qilindi», — deyiladi xabarda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Loyiha doirasida universitet, IT-park, turar-joy binolari, maktab va bolalar bog‘chasi, sport majmuasi qurilishi ko‘zda tutilgan. Shahar markazida Muhammad al-Xorazmiy xiyoboni quriladi, u yerda buyuk allomaning yangi haykali o‘rnatiladi.

Ilgari Al-Xorazmiy yodgorligi Urganch shahri markazida joylashgan edi. So‘ngra viloyat hokimligi binosi oldidagi maydonda yana bir yodgorlik o‘rnatildi. Endi bu maydonda Jaloliddin Manguberdining yangi haykali qad ko‘taradi.

Loyiha bilan tanishgan prezident qurilishni boshqarish komissiyasini tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi.

«Bu shahar ichidagi shahar bo‘ladi. Universitet, innovatsion markaz va maktablar ilmiy-ta’lim klasterini tashkil qiladi. Shuningdek, ishchilar uchun uy-joylar, ilmiy-ishlab chiqarish zonasi quriladi. Shaharchani sifatli qurish kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, Urganch shahridagi San’at muzeyining ko‘rgazmalar maydonini rekonstruksiya qilish va kengaytirish, Xiva qo‘g‘irchoq teatrini zamonaviy binoga ko‘chirish ham rejalar qatorida.

«Prezident mazkur muassasalardan samarali foydalanish, qo‘shimcha xizmatlarni yo‘lga qo‘yish, daromad olish uchun sharoit yaratish muhimligini ta’kidladi», — deyiladi xabarda.