O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti kiritgan taqdimnomaga asosan, Diyor Imomxo‘jayev O‘zbekiston Professional futbol ligasi (O‘zPFL) bosh direktori lavozimiga saylandi. Bu haqda tashkilot Ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Diyor Imomxo‘jayev Liganing Ijroiya qo‘mitasi a’zolari tomonidan ovoz berish yo‘li orqali 4 yilga bosh direktori etib tasdiqlandi.

Yig‘ilishda O‘zPFL Ijroiya qo‘mitasining jami 9 nafar a’zosidan 8 nafari ishtirok etdi. Jumladan, tashkilot rahbari Diyor Imomxo‘jayev, O‘FA vitse-prezidenti Odil Ahmedov, O‘FAning Ayollar futboli bo‘limi boshlig‘i Aziza Tatlimuratova, O‘zPFL yuriskonsulti Oybekxon Ibrohimxonov, AGMK futbol klubi bosh direktori Bahodir Mirzayev, «Lokomotiv» futbol klubi bosh direktori o‘rinbosari To‘labek Akramov bevosita qatnashdi.

2 nafar a’zo — «Nasaf» futbol klubi bosh direktori Alisher Yusupov hamda «Xorazm» futbol klubi bosh direktori Maqsud Karimov esa masofadan ishtirok etdi. Shuningdek, bir nafar Ijroqo‘m a’zosi, «Turon» futbol klubi prezidenti Olimxon Ahmedov ayni paytda xorij safarida ekani bois ovozini alohida taqdim etdi.

Diyor Imomxo‘jayev 2020 yilning 26 may kuni O‘zPFL bosh direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi.