“Guliston neft bazasi"da neft mahsulotlarining saqlanishi, iste’molchilarga yetkazib berilishi, debitorlik, kreditor qarzdorliklar bilan ko‘plab noo‘rin xarajatlar, shuningdek, amaldagi qonunchilikka rioya qilinmaslik holatlari aniqlandi, deya xabar berdi “O‘zbekneftgaz” matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, jamiyat va filial rahbariyati hamda muttasadi xodimlarining o‘z vazifalariga sovuqqonlik bilan yondoshishi oqibatida jamiyatning 1 mart holatiga jami debitor qarzdorlik 24,7 mlrd so‘mni tashkil qilgan bo‘lib, mas’ul xodimlar tomonidan vaqtida undirish choralari ko‘rilmagani natijasida 9 mlrd so‘m “umidsiz” qarzdorlikka aylanib ulgurgan.

Jamiyat mas’ul xodimlari tomonidan 3,2 mlrd so‘mlik neft mahsulotlari kamomadini yashirish maqsadida klasterlar hamda faoliyat yuritib turgan va tugatilgan fermer xo‘jaliklariga to‘lovsiz rasmiylashtirilib, debitorlik qarzdorlikda aks ettirilgan.

Shuningdek, “Guliston neft bazasi” MCHJ va Sirdaryo filiali qarashli AYOQSHlar va FYOTSHlarda jami 10 852 litr qiymati 98,2 mln so‘mlik neft mahsulotlari kamomadi aniqlandi va amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida mazkur mablag‘lar jamiyat hisob raqamiga to‘liq qaytarilgan.

Sirdaryo filialining 2021 yilning sentabr oyi hisobotlarida haqiqatda mavjud korxonalardan 146,5 mln so‘mlik muddati o‘tgan debitorlik qarzdorliklari asossiz ravishda hisobotdan chiqarilib, jamiyatning zarariga olib borilgan.

Neftni qayta ishlash zavodining neft mahsulotlarini “mas'ul saqlash” yuzasidan tuzilgan shartnoma talablari buzilgan holda zavodga qarashli mas’ul saqlashdagi 372 tonna EKO dizel yoqilg‘isini belgilangan tartibda birja savdolari orqali sotib olmasdan, asossiz iste’molchilarga sotib yuborilishiga yo‘l qo‘yilgan.

Jamiyat va filial mansabdor shaxslari tomonidan o‘z mansab vakolatlarini suiste’mol qilgan holda Jamiyatning hisob raqamidan 419,6 mln so‘m pul mablag‘larini shaxsiy manfaatini ko‘zlagan holda hech qanday asoslarsiz o‘zlarining plastik kartalariga o‘tkazgan va o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborilgan. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida aybdor xodimlardan Jamiyat hisob raqamiga to‘liq qaytarilgan.

Jamiyat mansabdor shaxsi tomonidan jamiyat balansida bo‘lgan jami 23 dona bozor qiymati jami 310 mln so‘mlik sig‘imlar asossiz hisobdan chiqarib jamiyatga zarar yetkazilgan.

“O‘zbekneftgaz” AJ tizimida manfaatlar to‘qnashuvini oldini olishga qaratilgan keng ko‘lamli amaliy ishlarga qaramasdan Jamiyat mansabdor shaxslar tomonidan qonun xujjatlariga zid ravishda jami 2 mlrd 696,6 mln so‘mlik manfaatlar to‘qnashuvi holatlari, ya’ni o‘zlarining yaqin qarindoshlariga tegishli bo‘lgan korxonalarga neft mahsulotlarini berib yuborish hamda xarid qonunchiligiga zid ravishda shartnomalar tuzish holatlari aniqlangan.

Aniqlangan holatlar bo‘yicha kamchiliklarni undirish va vaziyatga huquqiy baho berish uchun o‘rganish hujjatlari tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga taqdim etilgan.