Ayni vaqtda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, jahon iqtisodiyotidagi murakkab vaziyatdan kelib chiqib hudud va tarmoqlarni rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning xabar berishicha, davlat rahbari «oyning boshida alohida komissiya tuzib, barcha xavf-xatarlar hisob-kitob qilingani va eng dolzarb yo‘nalishlarda o‘z vaqtida tezkor choralar ko‘rila boshlagani o‘z natijasini bera boshladi» deya qayd etgan.

Toshkent tovar-xomashyo birjasida chet el korxonalari bug‘doy, un, shakar, o‘simlik yog‘i kabi mahsulotlarni savdoga qo‘yishni boshladi. Bunga, temir yo‘lda tashishga ichki tariflar qo‘llanilmoqda.

Bu ishlarning davomi sifatida bir hafta muddatda:

  • xorijiy yirik ishlab chiqaruvchilar va ulgurji savdo tashkilotlarini Tovar-xom ashyo birjasi savdolariga keng jalb qilish;
  • temir yo‘l tariflari va tannarxni ichiga kirib, ularni yanada pasaytirish choralarini ko‘rish vazifasi qo‘yildi.

Prezident valyuta bozorini barqarorlashtirish borasida ko‘rilayotgan choralarni qayd etdi.

Jumladan, valyuta bozori va ayirboshlash kursi barqarorlashdi, birjada rubl va yuan bo‘yicha savdolar boshlandi.

«Bu borada xalqimizda ortiqcha xavotir yoki bezovtalik bo‘lmasligi kerak. Valyuta bozorida keskin tebranishlarning oldini olish uchun zaxiralarimiz yetarli», — dedi Shavkat Mirziyoyev. Markaziy bankka puxta o‘ylangan, og‘ir va vazmin valyuta va monetar siyosatni olib borishni davom ettirish topshirildi.

Markaziy bankning viloyatlardagi rahbarlari tadbirkorlar bilan har kuni uchrashib, ularga valyuta bozoridagi vaziyatni, eksport-import hisob-kitoblarini amalga oshirish va yangi kredit mexanizmlarini tushuntirib boradi.

Xalqaro ekspertlar jahon iqtisodiyotidagi hozirgi murakkab vaziyat uzoq davom etishini prognoz qilishmoqda.

Masalan, so‘nggi bir oyda jahon bozorlarida bug‘doy narxi 36 foizga, shakar xom ashyosi 10 foizga, o‘simlik yog‘i narxi 2 barobarga oshgan.

«Hozir dunyoda juda murakkab davr davom etayapti. Har kuni yangi sinovlar bilan to‘qnash kelayapmiz. Lekin, bu — ertaga nima bo‘ladi deb, kutib o‘tirish kerak, degani emas. Muammolarni tezkor aniqlab, hal qilish va yangi imkoniyatlarni izlab topishimiz zarur», — dedi davlat rahbari.

Qoraqalpog‘iston, Andijon, Surxondaryoda tadbirkorlarning muammolarini ichiga kirib, ko‘p takliflar tayyorlangani qayd etilib, qolgan viloyatlarning harakati sust, tashabbus va tahlil yo‘qligi tanqid qilindi.

Masalalarni doimiy tahlil qilish va tezkor choralarni ko‘rib borish maqsadida, bosh vazir boshchiligida kundalik ishlaydigan Respublika shtabi tashkil etiladi. Ushbu shtabga viloyat hokimlari va tegishli vazirlar ham a’zo bo‘ladi.

Shtab oldiga bozordagi narx-navoni kundalik ahvoli bo‘yicha zarur tezkor choralarni ko‘rib borish vazifasi qo‘yildi.