O‘zbekiston mehnat huquqi sohasida keyingi bosqichda — mehnatga munosib sharoit yaratish va haq to‘lash, ijtimoiy himoya tizimini rivojlantirishni reja qilmoqda.

Bu haqda 31 mart kuni Toshkentda Oliy Majlis Senati va Xalqaro mehnat tashkiloti hamkorligida o‘tkazilgan “O‘zbekistonda munosib mehnatni ilgari surish: insonga yo‘naltirilgan yondashuv” mavzuidagi xalqaro konferensiyada aytib o‘tildi.

“Bugun biz Xalqaro mehnat tashkiloti bilan iqtisodiyotimizning barcha tarmoqlari uchun birinchi navbatda munosib mehnat sharoitini yaratish yo‘nalishlarini qamrab oluvchi hamkorlikning yangi bosqichiga o‘tayapmiz. Bugunga kelib XMTning barcha asosiy konvensiyalarini, barcha zarur kelishuvlarini ratifikatsiya qildik. Bularning barchasi mehnat sohasida inson huquqlarini ta’minlash, kuchli ijtimoiy himoya tizimini yaratishga qaratilgan. Albatta, O‘zbekiston oldida katta vazifilar turibdi”, — dedi Tanzila Narbayeva.


Foto: Senat matbuot xizmati.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda munosib mehnat bo‘yicha 2021−2025 yillarga mo‘ljallangan yangi Mamlakat dasturining barcha yo‘nalishlari inson huquqlarini ta’minlash, munosib mehnat sharoitlarini yaratishga qaratilgan.

“Bugun biz mazkur masalalarni muhokama qilamiz va tegishli qarorlar, yo‘l xaritasini qabul qilamiz. Eng asosiysi — barchasi insonlar manfaati uchun qilinishida, odamlar yaratilgan sharoitlar, mehnatga haq to‘lash, ijtimoiy himoya tizimidan qoniqishi kerak. Mana shu asosiy maqsad”, — dedi Senat raisi.

“Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatda bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov eng muhimi bolalar va majburiy mehnatga chek qo‘yilganini saqlab qolish ekanligini ta’kidladi.

Nozim Xusanov. Foto: Shuxrat Latipov / “Gazeta.uz”.

“Haqiqatda barcha xalqaro tashkilotlar bugun O‘zbekistonda tizimli bolalar va majburiy mehnat batamom bartaraf etilganini tan olishdi. Lekin endi mana shu erishgan yutuqlarimizni ushlab qolish. Masalaning 50 foizi erishganimiz, 50 foizi shuni saqlab qolishimiz kerak. Shuning uchun ham endi biz xalqaro mehnat tashkiloti bilan birgalikda ikkinchi darajali amalga oshiriladigan ishlarimizni belgilab oldik”, — dedi u.

“Bu ham bo‘lsaki, O‘zbekistonda munosib mehnat sharoitlarini yaratish. Mehnat muhofazasi va mehnat gigiyenasiga e’tibor berish. Bilamizki, chet ellik tadbirkorlar shu mahsulot qanday sharoitda ishlab chiqarilganiga juda katta e’tibor berishadi. Xattoki xonalarning jihozlanganligi, yorug‘lik holatlari, havo tozaligi, xodimlarga yaratilgan ijtimoiy himoya mavjudmi, xattoki, ovqatlanish, gigiyena holatlari bo‘yicha ham juda katta e’tibor berishadi. Haqiqatda ularga shu narsalar yoqsa, shundan keyingina mahsulotni eksportga olishadi”, — deya ta’kidladi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili O‘zbekiston XMTning “Mehnat xavfsizligi va gigiyenasi to‘g‘risida"gi konvensiya ratifikatsiya qilindi.

“Ikkinchi yo‘nalishimiz, xalqaro hamjamiyatni Better Work (Mehnat sharoitlarini yaxshilash) dasturi bor. Bu ham munosib mehnat sharoitlari va munosabatlarini yaxshilashga qaratilgan dastur. Biz mana shu loyihani XMT bilan birgalikda boshlaymiz, aprel oyida XMTning alohida texnik mutaxassislari kelishadi. Better Work bo‘yicha xalqaro munosabatini yaxshilash bo‘yicha xalqaro tajribada erishilgan natijalarni, ko‘plab davlatlar bosib o‘tgan yo‘lni bizga o‘rgatishadi, texnik tomondan yordam berishadi”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, buning uchun bosqichma-bosqich yo‘l xaritasi ishlab chiqiladi.

“Chunki buni birdaniga qilib bo‘lmaydi, yo‘nalishlarimiz juda ko‘p. Birinchisi qurilish, ikkinchisi servis sohasi. Hozir har bir viloyatimizda servis sohasini rivojlantirish bo‘yicha dasturlar qabul qilingan, juda yirik mablag‘lar shu sohaga yo‘naltirilayapti. Ya’ni, birinchi navbatda shu ikkita sohadan boshlaymiz, keyin albatta bunga boshqa sohalar ham qo‘shilib boradi”, — dedi Nozim Xusanov.

U shuningdek, davlat va xususiy sektorda 6 kunlik ish haftasidan 5 kunlikka o‘tish mumkin yoki yo‘qligiga ham to‘xtalib o‘tdi.

“Oxirgi paytda ish o‘rinlari 98 foiz tadbirkorlik subyektlari tomonidan yaratilayapti. Agar bizdagi tadbirkorlik subyektlari o‘z ish faoliyatini xalqaro normalarga moslashtirish yoki ishlab chiqarish rejalarini dasturlashsa [ 5 kunlik ish haftasiga o‘tishi mumkin]. Albatta buni vaqt ko‘rsatadi. Buni birdaniga qilib bo‘lmaydi”, — dedi Nizom Xusanov.

Ta’kidlanishicha, buni ayrim sohalarni tanlab olib, amaliyotga tadbiq etish mumkin.

“Bir vaqtlar maktablarimizda shanba kunlari [xodimlarni] ishlatmaylik degan masalalar ko‘tarilgandi, lekin bu yerda agar farzandlarimiz biron-bir ta’lim sohasiga bormaydigan bo‘lsa, demak ota-onasining bandligini o‘ylashimiz kerak. Ayrim holatlarda ota-onalar shanba kuni ham ishlashadi. Fanzandi uyda bo‘lsa, qarovchisi bo‘lmasa, ertaga qanday qilishimiz kerak, degan savol tug‘iladi. Shuning uchun ham hamma tomonlarini o‘ylab, qandaydir sohalarni tanlab olib, qilishimiz mumkin”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Eslatib o‘tamiz, Xalqaro mehnat tashkiloti O‘zbekiston 2021 yilgi paxta yetishtirish hamda yig‘im-terim mavsumida bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berganini ma’lum qilgandi. Xususan, 2021 yilda terimchilarning 99 foizi ixtiyoriy, taxminan bir foizi esa bevosita yoki bilvosita majburlash orqali ushbu jarayonga jalb etilganini ma’lum qilgan. Terimchilarning uchdan ikki qismini xotin-qizlar tashkil etadi.