Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) O‘zbekiston bilan 108 mln dollarlik kredit shartnomasini imzoladi, deb xabar bermoqda bank matbuot xizmati. Hujjatni Toshkent investitsiya forumi doirasida OIIB vitse-prezidenti Konstantin Limitovskiy hamda investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov imzoladi.

Mablag‘lar Buxoro, Miskin, Urganch va Xiva shaharlarini bog‘lovchi 465 kilometrlik temir yo‘l liniyasini elektrlashtirishga yo‘naltiriladi hamda ularda Afrosiyob tezyurar poyezdlari harakatlanadi. Avvalroq ushbu loyiha uchun Osiyo taraqqiyot banki 162 million dollar ajratgan edi.

Loyiha nihoyasiga yetgach, undan soatiga 250 kilometr tezlikda harakatlanuvchi tezyurar poyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yish, Buxoro va Xiva o‘rtasida borib-kelish vaqtini 3 soatgacha qisqartirish hamda Toshkentdan Xivaga qatnovni yetti soatda amalga oshirish imkonini beradi. Shuningdek, g‘arbiy viloyatlarning O‘zbekistonning boshqa hududlari bilan transport aloqasi yaxshilanadi, sayyohlar uchun esa qo‘shimcha qulayliklar yaratiladi, deyiladi bank xabarida.

Temir yo‘llarni elektrlashtirish ushbu liniyalar bo‘ylab barqaror turizm tarmoqlariga e’tibor qaratgan holda iqtisodiy yo‘lak yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda. Bundan, o‘z navbatida, yaqin atrofdagi shaharlar ham foyda ko‘radi.

Shuningdek, loyiha tufayli atmosferaga ajralayotgan chiqindilar yiliga 81 ming tonnaga kamayadi, bu esa mamlakatning kam uglerodli iqtisodiyotga aylanishiga xizmat qiladi.

«Mamlakatda transport sohasini takomillashtirish va integratsiyalashuvi mintaqada savdo va iqtisodiy o‘sishning yanada oshirishga yordam beradi» , — deya qo‘shimcha qildi bank vitse-prezidenti.