Zangiota tumani hokimining sobiq o‘rinbosari J. U.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u qidiruvga berildi. «Gazeta.uz»ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, hozirda Zangiota tuman hokimiyati mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi va boshqa moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

«Jinoyat ishi doirasida Zangiota tumani hokimining sobiq o‘rinbosariga Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan ayblov e’lon qilingan. Unga sirtdan „qamoqqa olish“ ehtiyot chorasi qo‘llanilgan hamda qidiruv e’lon qilingan», — deyiladi xabarda.

«Gazeta.uz» manbasiga ko‘ra, gap tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiya va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha sobiq o‘rinbosari J.U. haqida ketmoqda. U shu yilning 10 yanvarida ishdan bo‘shash to‘g‘risida ariza yozgan va hokim u bilan mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi qarorga 17 yanvarda imzo chekkan.