29 mart kuni Ko‘ksaroyda Turkiya prezidentlarini rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdog‘an shohsupaga ko‘tarilgach, O‘zbekiston va Turkiya davlat madhiyalari yangradi.


Faxriy qorovul o‘zining yangi harbiy libosida tantanali ravishda davlat rahbarlari oldidan saf tortib o‘tdi.


Shundan so‘ng, ikki davlat rahbarlari mamlakatlarning rasmiy delegatsiyalari a’zolari bilan ko‘rishishdi.

Tor doiradagi uchrashuv

Tashrifning asosiy qismi — Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdog‘anning tor doiradagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Yetakchilar O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, do‘stlik va ishonchga asoslangan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash yuzasidan fikr almashdi, deyiladi xabarda.

Uchrashuvda asosiy e’tibor strategik sheriklik munosabatlar darajasini yuksaltirish, ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalariga qaratildi.


Keyingi yillarda ikki tomonlama hamkorlik sezilarli darajada faollashdi. Hukumatlar, vazirlik va idoralar, hududlar darajasida doimiy muloqotlar yo‘lga qo‘yilgan. Oliy darajada erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, Davlat rahbarlari mintaqaviy va xalqaro kun tartibi yuzasidan fikr almashar ekanlar, mamlakatlarning pozitsiyalari o‘xshash ekanini qayd etgan. Ko‘p tomonlama xalqaro institutlar doirasidagi ikki tomonlama hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

O‘zbekiston-Turkiya Strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yig‘ilishi

Tor doiradagi uchrashuv oliy darajadagi O‘zbekiston-Turkiya Strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yig‘ilishiga ulanib ketdi.


O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya yetakchisini qutlar ekan, o‘zaro hamkorlikda yuksak darajaga erishilganidan, mamlakatlar parlamentlari, davlat idoralari, ishbilarmon doiralari va jamoatchiligi o‘rtasidagi aloqalar mustahkamlanib borayotganidan mamnun ekanligini bildirdi.

Davlat rahbari O‘zbekiston ko‘p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish va mustahkamlashdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an mamlakatlarning qardoshlik rishtalariga asoslangan strategik sherikligi barcha sohalarda o‘zaro ishonch va hurmat ruhida rivoj topayotganini alohida qayd etdi.


Yetakchilar joriy yilda ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi va strategik sheriklik munosabatlari yo‘lga qo‘yilganining 5 yilligi nishonlanayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladilar.

Ikki mamlakat yetakchilarining rasmiy tashriflari va muntazam muloqotlari siyosiy muloqotni mustahkamlashga xizmat qilib, sermahsul amaliy sheriklik uchun keng imkoniyatlar ochdi.

Savdo va investitsiya sohalarida aloqalar jadal rivojlanmoqda. Jumladan, keyingi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash 2,5 barobarga o‘sib, 3,6 milliard dollardan oshdi. Qo‘shma korxonalar soni 5 barobar ko‘payib, 2 mingdan ortdi. Investitsiyaviy hamkorlik ko‘rsatkichlari 70 barobarga o‘sdi, deyiladi xabarda.

Ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida tomonlar sheriklikni, shu jumladan savdo va iqtisodiyot, investitsiyalar, transport, to‘qimachilik, energetika, qishloq xo‘jaligi, madaniy-gumanitar almashinuv kabi sohalarda yanada kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlariga batafsil to‘xtaldi.

O‘zbekistondagi islohotlar borasida hamkorlikni mustahkamlash, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy qilish, fan, ta’lim, san’at, kino, turizm va axborot sohalaridagi sheriklikni chuqurlashtirishga kelishib olindi.


Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiquvchi muhim hujjatlar imzolanishi ta’kidlandi. Preferensial savdo to‘g‘risida, qurilish, sog‘liqni saqlash, adliya, bojxona va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlar shular jumlasidan.

Oliy darajadagi O‘zbekiston-Turkiya Strategik hamkorlik kengashi yig‘ilishi qarorlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni qabul qilish rejalashtirilgan.

Hamkorlik ko‘lami kengayganini hisobga olib, tomonlar ikki tomonlama munosabatlarni yangi darajaga — keng qamrovli strategik sheriklik bosqichiga olib chiqishga qaror qildi.

«Anadolu» xabar berishicha, Rejep Erdog‘an kengash yig‘ilishini ikki yilda bir marotaba emas, balki har yili o‘tkazishni taklif qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida ikki tomonlama tovar aylanmasi 3,6 mlrd dollarga yetib, bu ko‘rsatkich 72 foizga o‘sgan. U shuningdek, tomonlar birinchi bosqichda 5 mlrd dollarga, keyinchalik esa 10 mlrd dollargacha ko‘ratirishni maqsad qilganini ta’kidladi.

Muzokaralar yakunida Rejep Tayyip Erdog‘an Shavkat Mirziyoyevga ikki tomonlama Strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun Turkiyaga tashrif bilan kelishni taklif etdi.

Hujjatlarni almashish marosimi

Oliy darajadagi muzokaralar yakunlangach, hujjatlarni imzolash va almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha Qo‘shma bayonot imzoladi.


Bundan tashqari, ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari darajasida ko‘p qirrali O‘zbekiston-Turkiya hamkorligini yanada kengaytirishga qaratilgan 9 ta hujjat imzolandi.

Jumladan har ikki tomon vakillari quyidagi hujjatlarni almashdi:

  • Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim;
  • Davlat chegaralari orqali tovarlar va transport vositalarining o‘tishi haqida oldindan axborot almashish to‘g‘risidagi bayonnoma;
  • Mehnat va bandlik sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi;
  • Qurilish sohasida anglashuv memorandumi;
  • sog‘liqni saqlash vazirliklari o‘rtasida 2022−2023 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar rejasi;
  • O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bilan Turkiyaning «Anadolu» agentligi o‘rtasida Hamkorlik bitimi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston24 telekanali tayyorlagan reportajda yana ikki hujjat tilga olingan.

Ulardan biri Harbiy hadli hukumatlararo bitim — O‘zbekiston mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov (suratda o‘ngda) va Turkiya milliy mudofaa vaziri Xulusi Akar (suratda chapda) tomonidan almashilgan.

Foto: O‘zbekiston24 videosidan lavha.

O‘zbekiston adliya vaziri Ruslanbek Davletov (suratda o‘ngda) va Turkiya adliya vaziri Bekir Bo‘zdag‘ (suratda chapda) esa Mahkumlarni topshirish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim va Adliya vazirliklari o‘rtasida sud-ekspertizasi sohasida hamkorlik memorandumini almashdi.