27 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda Buxoroning «Sitorai Mohi Xossa» tarixiy muzey majmuasida tovus qushi patlarini yulib olgan qiz tasviri aks etgan videolavha tarqaldi. Holat bo‘yicha Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi jarima tayinlaganini ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, 26 mart kuni g‘ijduvonlik shaxs ikki nafar voyaga yetmagan qarindoshi O.X. va S.X. bilan Buxorodagi «Sitorai Mohi Xossa» tarixiy muzey-majmuasiga sayohatga kelishgan. Shunda qizlardan biri muzey hovlisida yurgan tovus qushining ikki dona patini yulib olgan.

Holat yuzasidan voyaga yetmagan O.X.ning onasiga MJtKning 47-moddasi 1-qismi (bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) bilan bayonnoma rasmiylashtirildi. Endi u BHMning 1−5 baravarigacha (270 ming so‘mdan — 1 mln 350 ming so‘m) jarima to‘laydi.