Prezident 29 mart kuni korporativ boshqaruv tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi [O‘RQ-60-sonli] qonunni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, endilikda mamlakat iqtisodiyotida ustuvor ahamiyatga ega strategik tarmoqlarning xususiylashtiriladigan ayrim aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarishda davlat ishtirokining maxsus huquqi bo‘lmaydi. Mazkur «oltin aksiya»ga oid normalar qonunchilikdan chiqarib tashlandi.

Bundan tashqari, Fuqarolik kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, unitar korxonada kuzatuv kengashi tashkil etilishi va kengash korxonaning boshqaruv organi bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, aksiyadorlik jamiyati kuzatuv kengashi a’zolarining vakolati 1 yildan 3 yilga uzaytirildi.

Qolaversa, yuridik shaxslarning ustav fondida kamida 5 foiz ulushga ega bo‘lgan ishtirokchilar va aksiyadorlar auditorlik tekshiruvining buyurtmachilari bo‘lishi mumkinligi belgilandi. Ilgari 10 foiz edi.

Qonun rasman e’lon qilingan (30 mart sanasidan) kundan kuchga kirdi.