2022 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatiga chiqish uchun bu hafta turli qit’alarda saralash o‘yinlarining navbatdagi o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Hozircha Qatarga boradigan 32 ta terma jamoadan 27 tasining nomi aniq.

Yevropa

Saralash o‘yinlari yakunida Shvetsiya Polshaga qarshi o‘yinda yutqazib qo‘ydi — 2:0. Polshadagi Silesian Stadium stadionida o‘tgan o‘yinda Robert Levandovski penaltidan gol kiritgan bo‘lsa, uning jamoadoshi Zelinskiy hisobni 2:0 ga yetkazdi.

Portugaliya o‘z uyida Shimoliy Makedoniyani qabul qildi va Ronaldu boshchiligidagi jamoa ham 2:0 natija bilan g‘alaba qozondi. Gollarning ikkalasiga ham Brunu Fernandesh mualliflik qildi. Shu tarzda Portugaliya o‘z tarixida 6-bor ketma-ket Jahon chempionatiga chiqmoqda.

Foto: 90MIN

Foto: The Guardian

Afrika

Afrika qit’asida 29 mart kuni JCHga boradigan beshta terma jamoa nomi aniq bo‘ldi. Saralashning so‘nggi bosqichida Afrika kubogi finali ishtirokchilari, “Liverpul” yulduzlari Muhammad Saloh (Misr) va Sadio Mane (Senegal) terma jamoalari o‘zaro to‘qnash keldi. 4-daqiqada Xamdi Fatxi o‘z jamoasiga avtogol kiritib qo‘ydi. Avvalgi o‘yinda Misr 1:0 hisobida g‘alaba qozongandi. Penaltilar seriyasida Senegal uchta gol kiritib, g‘olib bo‘ldi (3:1).

Senegal terma jamoasi play-off bosqichidan so‘ng. Foto: Taiwan News

Nigeriya terma jamoasi Gana bilan durang o‘ynadi (1:1) va raqibning mehmondagi uchrashuvda urgan goli sabab Qatardagi turnirga chiqa olmadi. Birinchi o‘yin 0:0 hisobida yakunlangandi. O‘yindan so‘ng muxlislar Abujadagi “Milliy” stadion maydoniga yugurib chiqishdi va qo‘lga tushgan narsalarni, xususan, shishalarni uloqtira boshlashdi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari muxlislarga to‘qmoqlar bilan hujum qila boshlagan va muxlislarni tinchlantirish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ham qo‘llagan. Nigeriyaning uy uchrashuviga 60 ming nafargacha tomoshabin kelishi kutilgandi. Nigeriyaliklar 2006 yildan beri ilk bor jahon chempionatini o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi.

Nigeriya — Gana uchrashuvidan so‘ng maydonning ahvoli. Foto: Sports.ru

Jazoir esa Kamerunga mag‘lub bo‘ldi. Birinchi uchrashuvda Jazoir mehmonda 1:0 hisobida g‘olib bo‘lgandi. Javob o‘yinida Kamerun asosiy vaqtda xuddi shunday hisobda g‘alaba qozondi. Qo‘shimcha bo‘limlarda jazoirlik himoyachi Ahmed Tuba 118-daqiqada birinchi bo‘lib kamerunlik hujumchi Karl Toko-Ekambi 124-daqiqada gol urdi.

Ma’lumot uchun, Kamerun terma jamoasi 2014 yildan beri ilk bor jahon chempionatida ishtirok etadi.

Marokash terma jamoasi Kongo DR jamoasini yirik hisobda (4:1) mag‘lub etdi. Tunis esa Mali bilan uchrashuvni golsiz yakunladi. Avvalgi o‘yin (1:0) hisobiga tunisliklar ham JCHga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Marokash va Tunis jamoalari jahon chempionatida ketma-ket ikki safardan beri ishtirok etmoqda.

Marokash terma jamoasi. Foto: Getty Images

Janubiy Amerika

Mazkur qit’ada bo‘lib o‘tgan JCH-2022 saralashining so‘nggi bosqichida Peru Paragvayni 2:0 hisobida mag‘lub etdi. Peruliklar turnir jadvalida 5-o‘rinni egallab, Osiyo terma jamoasiga qarshi final turniriga chiqqani uchun pley-offda o‘ynash huquqini qo‘lga kiritdi.

7 iyun kuni Dohada Osiyodagi saralash o‘yinlarida o‘z guruhlarida uchinchi o‘rinni olgan terma jamoalar Birlashgan Arab Amirliklari va Avstraliya to‘qnash kelishadi. Bu o‘yin g‘olibi 13 yoki 14 iyun kunlari Dohada (Qatar) Peru bilan o‘ynaydi.

1 aprel, juma kuni Qatarda JCH-2022 guruhlarini aniqlash uchun qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tadi.