Toshkentdagi «Katta Olmazor» massividagi 14-uyda mozaik panel ustiga surtilgan sement aralashmani olib tashlash ishlari boshlandi.

«Gazeta.uz» Furqat va Bobur ko‘chalarida aka-uka Jarskiylar loyihasi bo‘yicha yaratilgan mozaikalarning yo‘q qilinishi jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘lgani haqida yozgan edi. Ko‘p o‘tmay shahar hokimligi mozaika bo‘yalgan emas, balki «[uni] saqlab qolish uchun mo‘ljallangan maxsus material» bilan qoplanganini ma’lum qildi.

«Material qum-oqim usuli bilan yuviladi va mozaika tasvirlari poytaxtimiz aholisi ko‘zi oldida o‘zining boshlang‘ich, biroq endi mustahkamroq ko‘rinishida namoyon bo‘ladi», — dedi hokimlik Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashini madaniy merosni yo‘q qilinishiga e’tiborsizlikda ayblagan blogerni tanqid qilib.


Mozaik pannodan sement aralashmasi olib tashlanayotgan 14-uy.


14-uy boshqa tarafdan ko‘rinishi. Uyning fasad qismi va burchagi sement aralashma surtish uchun tayyorlab qo‘yilgan.

Mozaika chindan ham sementdan tozalana boshladi. Shuningdek, buning uchun haqiqatdan ham qum-oqim usuli qo‘llanilmoqda (bu aslida mozaikaga juda yomon ta’sir qilishi mumkin). Biroq «Gazeta.uz»ning dushanba va chorshanba kunlari ishchilar bilan suhbatida ma’lum bo‘lishicha, aslida, avval-boshida ushbu ko‘chalardagi uylarning fasadini keng ko‘lamli ta’mirlash vaqtida mozaikalarni bo‘yash rejalashtirilgan edi.

Aynan shu maqsadda mozaikaga avval maxsus qoplama bilan ishlov berilgan, keyin esa sement aralashma bilan qoplangan va uning ustiga bo‘yoq qo‘llanilishi kerak bo‘lgan.


10-uy. 14-uydagi ish tugagandan so‘ng mozaikani tozalash boshlanadi.

Hafta boshidan beri uylarni sement aralashma bilan qoplash ishlari to‘xtamayotgan edi. Hozirda ham bu ishlar faol davom etmoqda. Aralashmani panelli uylarning fasad qismlari, burchaklari va ichki tomonlariga, shu jumladan mozaik plitkalarga surtishmoqda.


10-sonli uyning fasad qismlarida ham mozaika mavjud.

Ishchilarning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, hozircha uylarning faqat dekorativ panellari o‘rnatilgan burchaklarini sementdan tozalash rejalashtirilgan. Bitta uy deyarli tozalandi, yana bittasi bor. Plitkalar bir xil bo‘lgan fasadlar sement aralashma ostida qolishi mumkin.


10-sonli uyning ichki qismidagi mozaik plitkalarni sement aralashma bilan ishlash jarayoni.

Xalq deputatlari Kengashining Toshkent shahar hokimi (u Kengash rahbari ham hisoblanadi) tomonidan imzolangan qarorida Furqat, Bobur va boshqa ko‘chalar bo‘ylab joylashgan uylarning fasadini ta’mirlash, shuningdek ko‘chalarni rekonstruksiya qilish va piyodalar yo‘laklarini yaratish nazarda tutilgan.


Katta Olmazor massividagi uylar. Mozaik plitkalar sement aralashma surtish uchun tayyorlangan.

Hujjatda ta’mirlash qanday amalga oshirilishi, qanday materiallardan foydalanish va qanday sifatga ega bo‘lishi kerakligi to‘g‘risida aniq talablar keltirilmagan. Loyiha hujjatlari buyurtmachi — poytaxt hokimligining «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi tomonidan tayyorlanib, qurilish sohasida nazorat bo‘yicha hududiy inspeksiyada ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak edi.


Massivdagi uylardan birining fasad qismi. Furqat ko‘chasidan ko‘rinish.

Qayd etish joizki, ta’mirlash ishlari piyodalarning xavfsiz harakatlanishi uchun sharoit yaratilmasdan amalga oshirilmoqda. Piyodalar avtomobil yo‘li bo‘ylab yurishga majbur bo‘lmoqda.