25 mart kuni O‘zbekiston Markaziy banki (MB) raisi o‘rinbosari Behzod Hamrayev Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida «Islohotlar jarayonida makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash» mavzusidagi davra suhbatida ishtirok etdi (video).

MB rahbari o‘rinbosari makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashning asosiy sharti, birinchi navbatda, islohotlar, transformatsiya qilish, xususiylashtirish va iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini, jumladan, bank tizimi va iqtisodiyotning real sektorini isloh qilishdir, deb hisoblaydi.

Uning qayd etishicha, pul-kredit siyosati, bank tizimi va umuman iqtisodiyotdagi islohotlar O‘zbekistonda inflyatsiyaning sezilarli darajada pasayishiga, shuningdek, valyuta kursining barqarorlashuviga xizmat qildi.

Xususan, 2018 yil yanvar oyida yillik inflyatsiya darajasi taxminan 18 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yil oxiriga kelib 10 foizgacha pasaydi. Iqtisodiy o‘sish o‘rtacha 6 foizni tashkil etdi, aholining real daromadlari o‘rtacha 8 foizga oshdi.

«Bunday barqaror vaziyat mahalliy va xorijiy investorlarga mamlakatimizda yanada ko‘proq uzoq muddatli investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkonini bermoqda», — dedi Behzod Hamrayev.

Yuqoridagi shartlardan kelib chiqqan holda, MB yil boshida 2022 yil uchun inflyatsiya darajasi 9 foizdan kamroq, yalpi ichki mahsulot (YAIM) o‘sishi 6 foizdan yuqori bo‘lishini prognoz qilgan edi.

«Dastlabki ikki oyda aynan shunday vaziyat kuzatilayotgandi, barcha makroiqtisodiy sharoitlar prognoz bo‘yicha ketayotgan edi, ammo fevral oxiridagi so‘nggi tashqi shoklar, albatta, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarimizga salbiy ta’sir qiladi», — deya ta’kidladi u.

MB rahbari o‘rinbosarining fikricha, dunyoda ro‘y berayotgan so‘nggi voqealar (Ukrainadagi urush, Rossiyaga qarshi sanksiyalar, oziq-ovqat savdosiga qo‘yilgan cheklovlar bilan bog‘liq) O‘zbekiston iqtisodiyotiga uchta kanal: valyuta kursi, inflyatsiya va moliyaviy barqarorlik orqali salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Uning ta’kidlashicha, so‘nggi haftalarda rivojlanayotgan mamlakatlar milliy valyutalari «kurs bosimi»ni boshdan kechirmoqda. Rossiya va Qozog‘istondan pul o‘tkazmalarining qisqarishi, eksport tushumlarining kamayishi yoki kechikishi, devalvatsiya kutilmalarining kuchayishi munosabati bilan korxonalar va aholining valyuta bozoridagi talabi oshishi va asosiy savdo hamkorlari (Rossiya va Qozog‘iston) milliy valyutalarining sezilarli darajada qadrsizlanishi so‘mning real almashuv kursiga bosim o‘tkazdi.

Butun 2021 yil davomida so‘mning devalvatsiyasi 3,4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, so‘nggi ikki hafta ichida so‘m taxminan 6 foizga qadrsizlangan.

«Bu singari shoklar hukumat va Markaziy bankdan qandaydir favqulodda choralar ko‘rishni talab qildi. Albatta, Markaziy bank boshqaruvi bu holatga munosabat bildirdi. O‘tgan haftada Markaziy bank inflyatsiyaning monetar omillarini minimallashtirish, shuningdek, devalvatsiya va inflyatsion kutilmalarni ushlab turish hamda milliy valyutadagi jamg‘armalarni saqlab qolish maqsadida asosiy stavkani 14 foizdan 17 foizga oshirdi», — deya qayd etdi u.

Behzod Hamrayev bu qaror bozorga ijobiy ta’sir ko‘rsatganini ta’kidladi. «Biz tovar, pul va valyuta bozorlarida biroz barqarorlashuv kuzatmoqdamiz», — dedi regulyator vakili.

Keyingi ta’sir kanali — inflyatsiya. MB raisi o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, regulyator yil boshida iste’mol narxlarining o‘sishini 9 foizdan kamroq darajada prognoz qilgan. Ammo jahon bozorida oziq-ovqat va xomashyo narxlarining o‘sib borayotgani, asosiy hamkor-davlatlar tomonidan ayrim mahsulot turlari (shakar, don va boshqalar) bo‘yicha savdo cheklovlari kiritilishi, «valyuta kursi qadrsizlanishining import narxlariga o‘tishi», sezilayotgan inflyatsiya darajasi va inflyatsion kutilmalarning inflyatsiyaning o‘zidan sezilarli yuqori darajada shakllanishi munosabati bilan MB o‘z prognozlarini qayta ko‘rib chiqishi mumkin.

«Nazarimda, bu kabi salbiy shoklar inflyatsiya darajasiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ehtimol inflyatsiya prognozimizdan biroz yuqori bo‘lar», — deya ogohlantirdi Behzod Hamrayev.


Foto: Shuhrat Latipov / «Gazeta.uz»

Uchinchi kanal — moliyaviy barqarorlik. Salbiy ta’sir muammoli kreditlarning (NPL) ortishi, rossiyalik kontragentlar tomonidan moliyalashtirishning kechikishi bilan bog‘liq muammolar tufayli muayyan investitsiya loyihalarini kechiktirish yoki bekor qilish, likvidlikni taqsimlashdagi muammolarda namoyon bo‘lishi mumkin.

«Qarz oluvchilar, jumladan, ham jismoniy, ham yuridik shaxslar moliyaviy ahvolining yomonlashuvi qaysidir ma’noda tijorat banklari aktivlari sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin», — dedi u.

MB rahbari o‘rinbosarining ma’lum qilishicha, regulyator bank tizimidagi moliyaviy holat va buferlarni «bir nechta shoklar»dan tekshirish maqsadida bir qancha stress-testlar o‘tkazgan.

«Bizning stress-testlarimiz natijalari banklar har qanday xavfli ssenariyda juda ishonchli va likvidli ekanini ko‘rsatadi», — deya qayd etdi u.

Behzod Hamrayevning ta’kidlashicha, Markaziy bank valyuta kursining asosiy tendensiyasiga ta’sir o‘tkaza olmaydi, sababi O‘zbekistonda suzib yuruvchi valyuta kursi rejimi amal qiladi.

«Biz valyuta kursining tashqi shoklar ta’sirida muvozanatlashuviga hamda bozor talabi va taklifi asosida shakllanishiga imkon beramiz. Biroq o‘tgan yili foydalanilmagan zaxiralarimiz va vakolatimiz mavjud. Ba’zi qisqa muddatli shoklarni bartaraf etish maqsadida intervensiyalarni amalga oshirishimiz mumkin», — deya ma’lum qildi u.

Ya’ni, Markaziy bank o‘tgan yillarda to‘plangan zaxiralar hisobidan valyuta intervensiyalarini «neytrallik tamoyillari»ga asosan faqat valyuta kursining haddan tashqari o‘zgaruvchanligini cheklash va narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida amalga oshiradi.

Bundan tashqari, regulyator inflyatsiyaning monetar omillarini jilovlash, valyuta kursiga bosimni pasaytirish va milliy valyutadagi jamg‘armalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida pul-kredit sharoitlarini sezilarli darajada qat’iylashtirdi (stavkani 17 foizga oshirish). Vaholanki, dastlab inflyatsiyaning pasayganini hisobga olgan holda asosiy stavkani tushirish rejalashtirilgan edi.

Behzod Hamrayev, shuningdek, Rossiya va Qozog‘istonda bo‘lgani kabi, valyuta cheklovlarini joriy etish rejalarini ham rad etdi.

«Aksincha, biz kelgusida kapital harakati hisobini bosqichma-bosqich liberallashtirishni rejalashtirmoqdamiz. Aslida, bu reja rasmiy edi va kapitalni liberallashtirishning dastlabki bosqichi 2022 yilning birinchi yarmida amalga oshirilishi rejalashtirilgan edi. Yuzaga kelgan vaziyat tufayli bu islohotlarni keyinga surishga majbur bo‘ldik, lekin ularni amalga oshirish niyatida qat’iymiz», — deya ta’kidladi u.


Banklar korxonalarga aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun qisqa muddatli kreditlar berish orqali ularni qo‘llab-quvvatlaydi. «Bu amaliyot pandemiya davrida juda yaxshi qo‘l keldi va banklar uni yana qo‘llaydi. O‘ylaymanki, bu korxonalarga bir qator tashqi shoklarni yengishga yordam beradi», — dedi MB raisi o‘rinbosari.

Bundan tashqari, MB tijorat banklariga tashqi shoklardan jabr ko‘rgan kompaniyalarni jarimaga tortmaslikni va kredit to‘lovlari kechiktirilgan taqdirda, ularning har biriga mijozga yo‘naltirilgan yondashuvni qo‘llashni tavsiya qildi.

«Tabiiyki, tashqi muhitdagi ko‘plab noaniqliklar makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni qayta ko‘rib chiqish uchun vaqt talab etadi. Hozir aniq prognoz ayta olmaymiz, chunki vaziyat kundan-kunga o‘zgarib bormoqda», — dedi u.

Shu bilan birga, Behzod Hamrayev o‘rta muddatli makroiqtisodiy prognozlarni qayta ko‘rib chiqish uchun asos bo‘lishi mumkin bo‘lgan bir qancha taxminlarni ilgari surdi.

«Asosiy savdo hamkorlarimizda iqtisodiy o‘sish sur’ati pasayishi jihatidan qayta ko‘rib chiqiladi. Bu tashqi talabga ham, pul o‘tkazmalariga ham ta’sir qiladi. Pul o‘tkazmalari orqali bu bizning iqtisodiyotimizdagi umumiy iste’molga ta’sir qilishi mumkin. Iste’mol [pasayishi] iqtisodiyotdagi yalpi talabga ta’sir qiladi, shuning uchun keyinchalik, ehtimol, iqtisodiy o‘sish pasayishi jihatidan qayta ko‘rib chiqiladi. [YAIM] o‘sish sur’atlari o‘tgan yilga nisbatan sekinroq bo‘lishi mumkin», — deya qayd etdi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, oziq-ovqat va xomashyo narxlarining jahon miqyosida o‘sishi Markaziy bankni inflyatsiya prognozini o‘sish jihatidan qayta ko‘rib chiqishga undaydi. Bunday holatda, 2022 yilda 9% dan past bo‘lgan inflyatsiya maqsadli ko‘rsatkichiga erishilmasligi mumkin.

MB rahbari o‘rinbosarining ta’kidlashicha, ayrim savdo hamkorlaridan investitsiyalar oqimining kechikishi, mintaqada noaniqlikning kuchayishi, shuningdek, rivojlangan mamlakatlar monetar shart-sharoitlarni qat’iylashtira boshlashi bilan bog‘liq ravishda investitsiya hajmi qisqarishi mumkin.

«AQSh va boshqa rivojlangan davlatlar allaqachon inflyatsiyaga qarshi choralarni kuchaytira boshlagani bois, bu ma’lum darajada xalqaro moliya bozorlari va iqtisodiyotimiz manfaatlariga ta’sir qilishi mumkin», — deya qayd etdi u.

Behzod Hamrayev bularning barchasi taxmin ekanligini ta’kidladi.

«O‘ylaymanki, qisqa muddatda iqtisodiy o‘sish sekinlashishi mumkin, ammo uzluksiz tarkibiy islohotlar o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda yuqori iqtisodiy o‘sishga olib keladi», — deya xulosa qildi u.

Markaziy bank 21 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan asosiy stavka yig‘ilishi oldidan tashqi risklar va yuqori darajadagi noaniqliklarni hisobga olgan holda makroiqtisodiy prognozlarni qayta ko‘rib chiqish uchun chuqur tahlil o‘tkazishi kutilmoqda.