O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 28 martdagi qarori bilan «Aydar-Arnasoy ko‘llari tizimidan foydalanishni tubdan yaxshilash bo‘yicha» yo‘l xaritasi tasdiqlandi, deya xabar qildi Norma.uz.

Ekologiya davlat qo‘mitasi va Innovatsion rivojlanish vazirligiga Sirdaryo havzasida suv resurslari hajmining kamayishini hisobga olgan holda ko‘llar tizimining qisqa va uzoq muddatli istiqbolda suv hajmi va ekologik holatini modellashtirish hamda bajarilishi lozim bo‘lgan ilmiy tadqiqot loyihasini amalga oshirish topshirildi.

Suv xo‘jaligi vazirligi suv havzalaridagi suv hajmini aniqlash uchun botiometrik o‘lchovlar (ko‘llar tubining rel’efini o‘rganish) o‘tkazishi shart.

Suv xo‘jaligi vazirligi, Jizzax va Sirdaryo viloyatlari hokimliklariga Isroil va arab mamlakatlari tajribasidan kelib chiqib, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan oqizilayotgan kollektor-drenaj suvlarining ko‘llar tizimiga zararli ta’sirini kamaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.

1 iyunga qadar Suv xo‘jaligi vazirligi 2030 yilgacha bo‘lgan davrda ko‘llar tizimining ekologik muvozanatini saqlash dasturini ham tasdiqlashi kerak.

Jizzax va Navoiy viloyatlari hokimliklari va O‘zbekiston O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga 2022−2023 yillarda qirg‘oqbo‘yi hududlarida 500 gektar maydonda cho‘l o‘simliklaridan himoya o‘rmonzorlarini barpo etish topshirildi.

2022 yilda Suv xo‘jaligi vazirligi va Tashqi ishlar vazirligiga «Chordara» suv omboridan Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimiga suv tashlash bo‘yicha Qozog‘iston bilan hukumatlararo ishchi guruh tuzish choralarini ko‘rish yuklatildi.

Ko‘llar tizimi atrofida 2 km kenglikdagi maydonda chorvachilik faoliyatiga moratoriy o‘rnatildi.

Yozga qadar ko‘llarga dam olish maqsadida tashrif buyuradigan odamlar xavfsizligini ta’minlash uchun qutqaruv guruhlari ishini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Turizmni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar doirasida «Tuzkon» ko‘li qirg‘og‘i bo‘ylab velosiped, kvadrotsikl, ot va tuyada sayr qilish hududlari tashkil etiladi.

O‘tgan yilning dekabrida Senat yig‘ilishida ko‘llar tizimidagi ekologik holat yomonlashgani ma’lum qilingan edi. Senator Risqul Siddiqov suv sathining pasayishi va tarkibining sho‘rlanishi natijasida qirg‘oqlari ayrim joylarda 15−50 m ga chekinib, 15−20 sm gacha tuz qatlami hosil bo‘lgani, suvning sho‘rlanish darajasi keskin oshganini ma’lum qilgan edi. Kuchli shamol vaqtida tuzli changlarga sabab bo‘lishiga olib kelayotgani, shubilan birgalikda, qishloq xo‘jaligidagi ekin yermaydonlariga vainson salomatligiga ta’sir ko‘rsatayotgani aytildi.

Yanvarda prezident qarori bilan Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi direksiyasi Suv xo‘jaligi vazirligi ta’sischiligidagi MCHJga aylantirildi. Korxona faoliyatining asosiy yo‘nalishi suv havzasida kelgusida baliqlarni ko‘paytirish maqsadida baliq chavoqlari yetishtirish uchun Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi hududida baliq parvarishlash va inkubatsiya sexlarini tashkil etish hamda ularning faoliyatini ta’minlashdan iborat.