Italiyaning Sardiniya orolida rossiyalik oligarx Alisher Usmonovning qiymati 600 ming dollardan ortiq bo‘lgan Mercedes Maybach S650 Guard VR10 avtomobili musodara qilindi. Bu haqda The Times nashri xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, ushbu avtomobil pulemyot va qo‘l granatalari hujumlariga bardosh bera oladi. Qora rangdagi Mercedes Maybach Italiya soliq politsiyasi tomonidan musodara qilindi. Ular avvalroq, Yevropa Ittifoqining oligarxlarga nisbatan sanksiyalarini rossiyaliklarga tegishli villalar va yaxtalarga qo‘llashga kirishgan.

Nashrning yozishicha, bir vaqtlar Buyuk Britaniyaning eng boy odami sifatida tilga olingan asli o‘zbekistonlik tog‘-kon magnati Alisher Usmonov allaqachon Sardiniyadagi 17 mln yevrolik villasidan va 66 mln yevrolik aktivlari bo‘lgan oltita kompaniyasidan ayrilgan.

Avvalroq, tadbirkorning dunyodagi eng yiriklaridan biri hisoblangan Dilbar nomli 600 mln dollarlik super yaxtasi hamda Rossiyadagi eng yirik samolyotlardan biri deb qaralgan xususiy samolyoti AQShda amerikalik shaxslar tomonidan foydalanish uchun bloklangandi.

Eslatib o‘tamiz, Yevropa Ittifoqi Rossiyaning Ukrainadagi harbiy operatsiyalariga aloqador deya hisoblagan rossiyalik milliarder Alisher Usmonov, boshqa eng boy rossiyaliklar va Rossiya kompaniyalari rahbarlariga sanksiyalar kiritgandi.

Ular orasida USM holding asoschisi, kelib chiqishi asli o‘zbekistonlik bo‘lgan rus milliarderi Alisher Usmonov ham bor. Alisher Usmonov Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishini moliyalashtirmoqda, shuningdek, O‘zbekiston madaniy merosini saqlab qolish, shu jumladan, Toshkentda modernizm me’morchiligini qayta tiklash bo‘yicha loyihalarni qo‘llab-quvvatlamoqda. U bilan aloqador bo‘lgan Rossiya kompaniyalari yaqinda «Kapitalbank» va «Ohangaronsement» aksiyalarini qo‘lga kiritgan edi.