29-mart, seshanba kuni rubl kursining 25-fevraldan boshlab hisoblaganda eng ko‘p mustahkamlanish holati kuzatildi. Jumladan, Rossiyada 30-mart kunidan amal qiluvchi kurslarga ko‘ra, 1 AQSh dollari uchun 86,28 rublga, O‘zbekistonda esa 1 rubl uchun 128,57 so‘mgacha rasmiy kurslar qayd etildi. Xo‘sh nega rubl mustahkamlanmoqda, bu jarayonning rus gazini rublga sotish rejalariga aloqasi bormi?

Rubr kursining ko‘tarilishiga xizmat qilgan olti sabab

Iqtisodchi Otabek Bakirov rubl kursi nega ko‘tarildi, degan savolga javob berdi.

“Avvalo aytish lozimki, gazni rublga sotish mexanizmi haligacha aniqlashmagan, biron kub gaz rublga sotilgani yo‘q, bironta yirik Yevropa davlati gazni rublga sotib olishga rozilik ham bergani yo‘q. Ya’ni, gazni rublga sotish xohishlari g‘irt psixologik tryuk va kelishish qiyin bo‘lgan ultimatumligicha qoladi.

Ikkinchidan, 24-fevraldan keyin Rossiya Markaziy banki rublga talab hosil qiladigan barcha xorijiy va norezident kanallarni yopib tashladi. Bu fond bozoriga taaluqlimi, foizlarmi yoki dividendlarmi, farqi yo‘q. Rossiyani tark etayotgan yoki tark etishini e’lon qilgan xorijiy kompaniyalar va norezidentlar Rossiyadagi aktivlarini olib chiqishi uchun uni dollarga aylantirishi kerak. Rossiya Markaziy banki bunga to‘liq tabu qo‘ydi. Tabiiyki, rublga bo‘lgan eng katta talabni yo‘qqa chiqardi.

Uchinchidan, Rossiya Markaziy banki Rossiya rezidentlari uchun ham xorijga valyuta olib chiqishga, naqd valyuta sotib olishga yoki o‘tkazishga cheklovlar o‘rnatdi. Shu o‘rinda Visa va Mastercard tizimlari Rossiyadagi segmentni o‘chirishi ruslarning maqsadga erishishiga yordam berib yubordi. Boshqacha aytganda, Rossiya chakana rezidentlarining dollarga bo‘lgan talabi ham o‘ldirildi.

To‘rtinchidan, juda ko‘plab g‘arb kompaniyalari Rossiya bilan ishlashdan voz kechgandan keyin, qator tashuv korporatsiyalari Rossiya yuklarini manzilga eltishni to‘xtatgach, rus importerlari uchun xorijdan tovar keltirishga rag‘bati ham vaqtincha to‘xtadi. Chunki logistika muammolari va ehtimoliy yo‘qotishlar importni jismonan imkonsiz qilib qo‘yishi mumkin. Demak, importchilarning dollarga nisbatan talabi ham eng minimal darajagacha tushirildi.

Beshinchidan, bozorda rubl likvidligi mavjud emas. Rossiya Markaziy bankining qattiq siyosati tufayli sun’iy ravishda rubl defitsiti yaratilmoqda, xususan asosiy stavkani birdan 20 foizgacha olib chiqilishi bilan. Buni savdolar hajmidan ham bilish mumkin, kunlik savdolar hajmi 24 fevralgacha bo‘lganidan karrasiga kamroq. Rubl taklifi yetarli bo‘lmagach, dollarning tushishi uzoq kuttirmaydi.

Олтинчидан, eksporterlar uchun 80 foizlik majburiy sotuv dollarga nisbatan sun’iy ravishda pasaytirilgan talab hajmini ortig‘i bilan qoplamoqda.

Boshqacha qilib, sodda tilda aytganda, dollar sotish mumkin, lekin dollar sotib olishga barcha asosiy rag‘batlar o‘ldirildi yoki talablar taqiqlandi.

Endi ko‘pchilikda savol tug‘ilishi mumkin. Bu siyosat qancha muddat davom etishi mumkin? Ha, bir hafta, o‘n kun davom etishi, cheklangan valyuta rejimi siyosati oylarga cho‘zilishi mumkin. Biz hatto keyingi haftalarga 1 dollar 75 rubl ko‘rsatkichni ham ko‘rishimiz mumkin. Lekin, qabul qilish kerakki, bu rublning bozor o‘lchovi bo‘lmaydi. Bunday siyosatdan Rossiya iqtisodiyoti sanksiyalardan ko‘ra ko‘proq jabr ko‘radi (shartli “Voronejni bombalash”). Ishlab chiqarishning keskin pasayishi, tovar yetishmovchiligi va zaxiralarning tugashi kutilmalari inflyatsiyani juda yuqori darajaga ko‘taradi. Shartli aytganda rus iste’molchisi uchun 1 dollarlik tovar 150 rublga yetib boradi, garchi rasman 1 dollar 75 rubl deb e’lon qilingan bo‘lsada.

Ya’ni rossiyaliklarni dollar kursi emas, ishsizlik va inflyatsiya jazolashni boshlaydi. Hozircha, zaxiralar mavjudligida shu konsensusga ko‘pchilik rozi", — deb yozdi Otabek Bakirov.

Xorijiy kompaniyalarning Rossiyadan chiqib ketishi mamlakat importiga qanday ta’sir ko‘rsatdi?

Bu haqda Rossiyaning “Loko-Invest” kompaniyasi iqtisodchisi va investitsiyalar bo‘yicha direktori Dmitriy Polevoy “Meduza” nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Bu eng asosiy savollardan biri. Kompaniyalarning Rossiyadagi faoliyatini to‘xtatayotgani yoki Rossiyani tark etish haqidagi niyatlari va bayonotlari operatsiyalarga qanday ta’sir ko‘rsatayotganini bilmaymiz. Ya’ni, ba’zi kompaniyalar haqiqatan ham o‘z faoliyatini to‘xtatib qo‘yishi mumkin — bu import nuqtai nazaridan to‘liq to‘xtashni anglatadi, ba’zi kompaniyalar esa ishlashni davom ettirishi ham mumkin. Bu yerda savol, import qilinadigan butlovchi qismlar, xomashyo, xizmatlar va boshqalar qanchalik shokka uchrashida. Lekin, har holda, hozir bu omillarning barchasi tufayli import keskin pasayib ketgani aniq. Shunday qilib, savdo profitsiti (eksport importdan ko‘proq) shakllanadi, bu ham rubl kursini qo‘llab-quvvatlaydi.

Bundan tashqari, bu yil investorlar Rossiya kompaniyalaridan juda katta dividendlar kutishgandi, endilikda kompaniyalar ularni kamaytiradi yoki butunlay bekor qiladi. Hozir ushbu oqimlarning asosiy qismi yopiq. Qimmatli qog‘ozlar va obligatsiyalar bozorida norezidentlar yo‘q, ular valyutani yechib ololmaydilar. Bu omillarning barchasi faqat rublning foydasiga o‘ynaydi.

Rostini aytsam, o‘tgan hafta mijozlarga bergan sharhlarimizda biz 85−90ga [kelajakda bir dollar uchun rubl] o‘sishini ta’kidlagandik, lekin bu tez sodir bo‘ladi deb o‘ylamagan edim", — dedi u.

Iqtisodchining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya osongina 70+ [bir dollar uchun rubl] darajalariga, ya’ni o‘tgan yilning oxirida va uning boshida kuzatilgan darajalarga qaytishi mumkin. Buning uchun hech qanday texnik to‘siqlar yo‘q.

“Hukumat va iqtisodiy blok rublning mustahkamlanishini qo‘llab-quvvatlashda davom etishining argumentlaridan biri, bu — inflyatsiya. Rublning mustahkamlanishi bugungi standartlarda misli ko‘rilmagan inflyatsiya shokini pasaytirishga imkon beradi. Ikkinchi argument shundan iboratki, rubl yanada mustahkam bo‘lgan taqdirda, majburiy yoki maqsadli import o‘rnini bosish siyosati osonroq kechadi. Logistika va ishlab chiqarish zanjirlarining boshqa elementlari narxi o‘sishi muqarrar bo‘lgan sharoitda import o‘rnini bosish kompaniyalar va hukumatga qimmatga tushmaydi”, — deya ta’kidladi u.

Rubl kursi uchun yana qanday risklar qolmoqda?

“Bir necha ssenariylarni o‘ylab ko‘rish mumkin. Misol uchun, Rossiya xomashyosini eksport qilish bo‘yicha har qanday muhim cheklov, moliya sektori yoki asosiy tarmoqlar bo‘yicha ba’zi qo‘shimcha cheklovlar. Hozircha import va eksportdagi mumkin bo‘lgan tebranishlar ko‘lami rubl uchun aniq prognozlar berishga yetarlicha katta. Mamlakat ichidagi odamlarga hayotiy muhim tovarlarning yetishmasligi va inflyatsion kutilmalar yuqori bo‘lib qolmoqda. Bunday paytlarda fuqarolar valyutani jamg‘armalar uchun sug‘urta sifatida ko‘rishadi.

Ammo bu ssenariylar muqarrar emas. Shuni yodda tutish mumkinki, barcha voqealardan oldin [urushdan oldin] valyuta kursi 73−75 rubl edi, eng cho‘qqiga chiqqan holatida biz bir dollar 100 rubldan ortib ketganini ko‘rdik. O‘ylaymanki, rasmiylar valyuta kursining 100+ [bir dollar uchun rubl] yoki hatto 100 atrofida bo‘lishidan manfaatdor emas. Lekin yaqin kelajakda 75−95 [bir dollar uchun rubl] oralig‘ini taxminan real ko‘rsatkich sifatida ko‘rish mumkin", — dedi iqtisodchi Dmitriy Polevoy.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq rublning rasmiy kursi ko‘tarilishda davom etayotgani haqida xabar berilgandi.