O‘zbekiston fuqarolari uchun Tojikistonda ro‘yxatdan o‘tmasdan yurish muddatini 10 kungacha uzaytirish rejalashtirilmoqda. 28 mart kuni mamlakat quyi palatasi (Tojikiston Majlisi namoyandagon) 2018 yil 9 mart kuni Fuqarolarning o‘zaro qatnovlari to‘g‘risidagi mamlakatlar hukumatlari imzolagan Bitimga o‘zgartishlar kiritishni qabul qildi.

Imzolangan bayonnomaga muvofiq, fuqarolarning vaqtincha ro‘yxatdan o‘tmasdan ikki davlat hududida bo‘lish muddati — 10 kungacha uzaytiriladi. Ilgari ushbu muddat 3 kunni tashkil qilgan.

«Bir davlatning fuqarolari boshqa tomonning hududiga kirganda, qabul qiluvchi tomonning davlat chegarasini kesib o‘tgan paytdan boshlab 10 (o‘n) ish kuni muddatga yashash joyining vakolatli organlarida ro‘yxatga olish va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish majburiyatidan ozod qilinadi», — deyiladi Tojikiston parlamenti saytida.

Deputat Ravshan Rajabzoda, o‘zgartishlarga izoh berar ekan, so‘nggi yillarda O‘zbekistonga safar qilayotgan Tojikiston fuqarolari soni ko‘paygani, ba’zan yesa qisqa ro‘yxatga olish muddati tufayli qiyinchiliklar paydo bo‘layotganini ta’kidladi.

«Fuqarolarning o‘zaro qatnovlari to‘g‘risida»gi bitimga ko‘ra, Tojikiston va O‘zbekiston fuqarolari qo‘shni davlat hududida viza olmasdan 30 kungacha bo‘lishi mumkin, deb eslatib o‘tdi «Aziya-plyus» nashri.

Mart o‘rtalarida Tojikiston va O‘zbekiston yerusti o‘tkazish nazorat punktlarini to‘liq ochdi. O‘zbekistonga kirishda sertifikat yoki pasporti bo‘lmaganda kamida 72 soat oldin topshirilgan kovidga manfiy PZR-test talab etiladi. Har ikkilasi ham bo‘lmagan taqdirda esa chegara o‘tish punktlarida manfiy natijali ekspress-test ma’lumotnomaga (elektron QR code) ega bo‘lishi shart qilib belgilandi.

«Aziya-plyus» ma’lumotlariga ko‘ra, tomonlar chegaralardagi barcha bojxona o‘tkazish punktlari faoliyatini qayta tikladi. Tojikistonning respublika shtabi chegara nazorat punktlarini ishini odatdagi rejimga o‘tkazdi.