Ukrainadagi urush natijasida mamlakatning bir martalik iqtisodiy yo‘qotishlari 564,9 mlrd dollarga baholanmoqda. Bu haqda Ukraina Iqtisodiyot vazirligi ma’lumotlariga tayanib Korrespondent nashri xabar qildi.

Xabarda aytilishicha, Ukraina bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenko urush barobarida o‘sishda davom etayotgan iqtisodiy yo‘qotishlarning tarkibini ochiqladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat tomonidan ko‘rilgan bir martalik iqtisodiy yo‘qotishlarni baholashning «kamida ikki xil metodi» mavjud.

«Birinchisi — to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘q qilish natijasida ko‘rilgan zararni baholash, ikkinchisi — harbiy harakatlarning umumiy ta’siri, aniqrog‘i barcha oqibatlarini hisobga olgan holda baholash, shu jumladan, iqtisodiy vaziyatning yomonlashishi, ishsizlik darajasining o‘sishi, savdoning to‘sib qo‘yilishi, iste’mol talabining pasayishi va hokazo», — deya aniqlik kiritgan iqtisodiyot vaziri.

Sviridenkoga ko‘ra, iqtisodiy yo‘qotishlar tarkibi quyidagicha:

  • 119 mlrd dollar — infratuzilmaning yo‘qotilishi (qariyb 8 ming km yo‘llar, o‘nlab temir yo‘l vokzallari, aeroportlar vayron qilingan va shikastlangan);
  • 112 mlrd dollar — 2022 yilda mamlakat YAIM yo‘qotishlari;
  • 90,5 mlrd dollar — tinch aholining yo‘qotishlari (10 mln kvadrat metr aholi turar joylari, 200 ming avtomobil, 5 mln kishining oziq-ovqat ta’minoti);
  • 80 mlrd dollar — korxona va tashkilotlar tomonidan ko‘rilgan zarar;
  • 54 mlrd dollar — Ukraina iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar yo‘qotilishi;
  • 48 mlrd dollar — davlat budjetidan yo‘qotishlar.

Shu o‘rinda vazir «raqamlar o‘sishda davom etishini» ta’kidlagan.

Uning qayd etishicha, Ukraina hech qanday to‘siqlarga qaramay, sud qarorlari va Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini Ukrainaga yo‘naltirish orqali «agressordan kompensatsiya to‘lovlarini undirishga» erishadi.

Shuningdek, nashrning yozishicha, Xalqaro valyuta jamg‘armasining (XVJ) dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, urush natijasida Ukraina iqtisodiyoti 35 foizga pasayishi kutilmoqda. XVJning Ukraina bo‘yicha direktori o‘rinbosari Vladislav Rashkovan bu hisob-kitoblar otishmalar eng yuqori intensivlikka ega bo‘lmagan kunlarga oid ma’lumotlarga asoslangani, shuningdek, «nazariy jihatdan qandaydir natijaga olib kelishi mumkin bo‘lgan muzokaralar jarayoni» borayotganini ta’kidlagan. U prognozlar urushning yakuniy nuqtasini anglagan holda amalga oshirilishi zarurligini qayd etgan.

Avvalroq Ukraina prezidentining iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Oleg Ustenko mamlakat ikki hafta ichida 100 mlrd dollarlik zarar ko‘rganini ma’lum qilgan edi (bu mamlakat YAIMning yarmiga teng). Shuningdek, urush sabab Ukrainadagi korxonalarning 50 foizi faoliyatini to‘liq to‘xtatgani xabar qilindi.