25 mart kuni O‘zbekiston hukumati Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) ko‘magida Sirdaryo viloyatida yangi issiqlik elektr stansiyasini (IES) qurish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik shartnomasini tuzdi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga IFC matbuot xizmati xabar berdi

«Milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati hamda O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi o‘rtasida Fransiyaning Electricite De France (EDF), Qatarning Nebras Power, Yaponiyaning Sojitz Corporation va Kyuden International kompaniyalaridan iborat konsorsium bilan 25 yil muddatga loyiha shartnomalari imzolandi.

2021 yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan xalqaro tenderda g‘olib chiqqan konsorsium mamlakatdagi eng samarali issiqlik elektr stansiyalaridan biriga aylanishi kutilayotgan 1,6 GVt quvvatga ega IESni qurish va ishga tushirish uchun mas’ul bo‘ladi.

IES 2026 yilning yanvar oyida ishga tushirilishi kutilmoqda, deb xabar qildi Energetika vazirligi matbuot xizmati. Loyihani amalga oshirish uchun jalb qilingan investitsiyalar hajmi 1,2 mlrd dollarga baholanmoqda.

Hujjatga ko‘ra, yangi IES yiliga 12 mlrd kVt/soat energiya ishlab chiqaradi. Uning samaradorligi esa 60 foizdan oshadi, bu esa yiliga 1,1 mlrd kub metr tabiiy gazni tejash imkonini beradi.

IFC Global infratuzilma fondi (GIF) bilan hamkorlikda loyiha uchun raqobatbardosh xalqaro tender o‘tkazishga ko‘maklashdi. GIF — Jahon bankining G20 tashabbusi bo‘lib, rivojlanayotgan mamlakatlarda sifatli barqaror infratuzilmaviy yechimlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

«Hozirda O‘zbekistonda elektr energiyasi ishlab chiqarishda tabiiy gaz ustunlik qilmoqda va issiqlik elektr stansiyalarining samarasiz, eskirgan infratuzilmasi o‘z xizmat muddatini yakunlash arafasida», — deyiladi IFC bayonotida.

Yangi bug‘-gazli elektr stansiyasi eski zavodlarga qaraganda deyarli ikki baravar samarali bo‘lishi kutilmoqda, bu tabiiy gazdan samaraliroq foydalanish va CO2 chiqindilarini kamaytirish, shuningdek qayta tiklanadigan energiya manbalarini integratsiyalashga yordam beradi.

«Loyiha O‘zbekiston energetika tarmog‘i oldida turgan asosiy muammolarni hal qilishga yordam beradi. «Bu elektr ta’minoti barqarorligini oshirish, zamonaviy texnologiyalar tabiiy gaz va suvdan samarali foydalanishni ta’minlaydi», — dedi O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov.

IFC operatsiion harakatlar bo‘yicha katta vitse-prezidenti Stefani fon Frideburg shunday dedi: «O‘zbekistonda elektr energiyasiga bo‘lgan talab ortib bormoqda va barqaror energiya ta’minoti inklyuziv o‘sishi uchun zarur. Ushbu loyiha IFC’ning O‘zbekiston hukumati tomonidan energetika sektorini modernizatsiya qilish, jumladan, eski va samarasiz elektr stansiyalarini almashtirish bo‘yicha islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan sa’y-harakatlarining bir qismidir. Yangi, samaraliroq energiya ishlab chiqarishga xususiy sektor sarmoyasini rag‘batlantirish orqali O‘zbekiston issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishga ham, elektr energiyasiga o‘sib borayotgan talabni qondirishga ham yordam bermoqda».

GIF’ning ko‘magi loyihaning texnik-iqtisodiy tahlilini o‘tkazish va loyihaning tijoriy yopilguniga qadar bitimni amalga oshirishda yordam berishni o‘z ichiga olgan. GIF investitsiya imkoniyatlarini ilgari surish va potensial ishlab chiquvchilar hamda kreditorlar o‘rtasida xabardorlikni oshirish uchun konsultant-hamkorlar tarmog‘idan foydalangan.

«O‘zbekiston GIF uchun strategik jihatdan muhim davlatdir va biz energetika hamda aeroportlardan tortib, yo‘llar va qattiq maishiy chiqindilargacha bo‘lgan ko‘plab sohalarda uzoq yillik aloqalarni o‘rnatdik. Biz mamlakatning energetika transformatsiyasini qo‘llab-quvvatlash uchun ushbu loyihada hamkorlik qilishdan mamnunmiz. Ushbu loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi barqaror infratuzilmaga sarmoya kiritish va mamlakatda xususiy kapitalni safarbar etish bo‘yicha bizning majburiyatimizni yana bir bor tasdiqlaydi», — dedi GIF rahbari Jeyson Jengrong Lu.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident investorlar bilan Surxondaryodagi 1,56 GVt quvvatga ega IES qurilishini boshlab bergani haqida xabar bergan edik.